Fan-texnika | 22:13 / 02.12.2017
6302
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota chiqindilardan elektr energiya va vodorod olmoqchi

Foto: Toyota Motor

Los-Anjyelesdagi avtoshouda Toyota kompaniyasi bioyoqilg‘ida ishlovchi dunyodagi birinchi elektr stansiyani qurmoqchiligini ma'lum qildi. Bu stansiya unumdorligi MVt-soatlarda o‘lchanadi, deb yozmoqda New Atlas. Kompaniya buning uchun qishloq xo‘jaligi sanoatidagi chiqindilardan foydalanadi. Bu chiqindilardan katta miqdorda energiya, suv va vodorod olinadi.   

Toyota bu stansiya 2020 yildan Kaliforniyada ishlay boshlashiga va'da berdi. Bu stansiyaning quvvati 2350 standart uy xo‘jaligiga yetgan bo‘lardi, biroq ishlab chiqariladigan energiya kompaniyaning Toyota Logistic Services logistik bo‘limining Long-Bich portida joylashgan qurilmalari va maydoni ehtiyojlariga sarflanadi.     

Yangi stansiya elektr energiya ishlab chiqarishdan tashqari, katta miqdorda vodorod ishlab chiqaradi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, olinadigan vodorod kuniga 1500 ta mashinani quvvatlash uchun yetadi. Bu vodorodda kompaniyaning portda ishlaydigan barcha avtomobillari harakatlanadi. Bular vodorodda ishlaydigan Toyota Mirai yengil mashinasi va Toyota Project Portal yuk mashinasidir.

Kompaniyada bu stansiya loyihasiga tajribaviy loyiha sifatida qaralmoqda va unga katta umidlar bildirilmoqda. Loyiha atmosferaga chiqariluvchi chiqindilarni kamaytirish va shu bilan birga mobillikni oshirish mumkin bo‘lgan vazifa ekanligini ko‘rsatishi kerak. Toyotaֹ’da shuningdek vodorod va bioenergiya ko‘p energiya talab qiluvchi korxona ehtiyojlarini qoplay olishi-olmasligini aniqlashmoqchi. Agar tajriba muvaffaqiyatli chiqsa, unda stansiyani dunyoning istalgan burchagida joriy qilish mumkin bo‘ladi. 

 

Mavzuga oid