Jahon | 20:40 / 06.12.2017
7736
3 daqiqa o‘qiladi

Al-Quds bo‘yicha istalgan noto‘g‘ri qadam yangi ixtiloflar keltirib chiqaradi – Erdo‘g‘an  

Foto: aa.com.tr

Al-Qudsning maqomi bo‘yicha istalgan noto‘g‘ri qadam butun islom dunyosining salbiy munosabatiga uchraydi, tinchlik asoslariga putur yetkazadi, keskinlikning oshishiga olib keladi, mintaqada yangi ixtiloflar keltirib chiqaradi. Bunday fikrni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Iordaniya qiroli Abdulloh II bilan Anqarada uchrashgandan keyin berilgan matbuot anjumanda aytib o‘tdi.      

Erdo‘g‘an AQShning Isroildagi elchixonasining Tel-Avivdan Al-Qudsga ko‘chirilishi va Al-Qudsning Isroil poytaxti deb e'lon qilinishi bo‘yicha rejalarini qoraladi.  

Erdo‘g‘an jahon hamjamiyatini muqaddas shaharning huquqiy maqomining o‘zgarishiga olib keluvchi istalgan qadamlardan saqlanishga chaqirdi. “Hech kim o‘z manfaati uchun milliardlab odamlar taqdiri bilan o‘ynashishga haqli emas. Bunday qaror terrorchilik tashkilotlariga faqatgina qo‘l keladi”, deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Uning aytishicha, tarixiy voqeliklarning e'tiborga olinmasligi barbodlikka duchor bo‘ladi. “Mintaqadagi barqarorlik, tinchlik va xavfsizlik ba'zi siyosatchilar manfaatlaridan ustunroqdir”, deb ta'kidlab o‘tdi Turkiya rahbari.  

“Islom hamkorligi tashkilotining amaldagi raisi va Turkiya prezidenti sifatida AQShni mintaqada alg‘ov-dalg‘ovlikka olib keluvchi qadamdan voz kechishga, Isroilni esa mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga hissa qo‘shadigan siyosatga amal qilishga chaqiraman”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.  

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, BMT rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan falastinliklar huquqlarini inkor etuvchi har bir qadam turli dinlar vakillarining birgalikda tinch-totuv yashashiga zarba beradi. 

Erdo‘g‘anning aytishicha, 1967 yildagi chegaralarga ega, poytaxti Al-Qudsda bo‘lgan mustaqil Falastin davlati yaratilishi mintaqada tinchlik va xavfsizlikning garovi hisoblanadi.

O‘z navbatida, Iordaniya qiroli Falastin-Isroil ixtilofini hal qilishning yagona yo‘li “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili hisoblanishini aytdi. Uning ta'kidlashicha, istalgan tinchlik sulhi butun Yaqin Sharq uchun farovonlik keltiradi. “Al-Qudsdagi Al-Aqso masjidi Iordaniya uchun katta ahamiyatga ega. Bu shahar musulmonlar uchun ham, nasroniylar uchun ham muqaddas joydir”, deb aytgan Abdulloh II.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid