19:40 / 07.12.2017
44390

Shavkat Mirziyoyev turli unvonlar, orden va medallarni o‘z egalariga topshirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

7 dekabr kuni Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida davlat mukofotlarini tantanali topshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident yig‘ilganlarni yuksak unvonlar, orden va medallarga sazovor bo‘lgani munosabati bilan samimiy qutladi. Ular orqali barcha o‘zbekistonliklarni Konstitutsiya qabul qilinganining 25 yilligi bilan muborakbod etdi.

Shavkat Mirziyoyev amalga oshirilayotgan barcha islohotlar Konstitutsiya va Harakatlar strategiyasiga asoslanishini alohida ta'kidladi. Prezident yakuniga yetib borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalar ekan, xalq bilan muloqotda bo‘lib, odamlarning og‘irini yengil qilishga asosiy e'tibor qaratilganini qayd etdi.

«Xalqimiz Yaratgandan avvalo tinchlik-xotirjamlikni so‘raydi. Shundan so‘ng, o‘z uyim, boshpanam bo‘lsa, oilam, bola-chaqam bilan sog‘-salomat yashasam, deydi. Biz xalqimizning ana shunday orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun ikkita masalaga, ya'ni ichki ishlar va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga katta e'tibor qaratayapmiz», degan prezident.

Top