Jamiyat | 21:16 / 09.12.2017
70850
8 daqiqa o‘qiladi

«Omonxona» suvi sotiluvchi qishloqda ro‘zg‘orga ichimlik suvi xarid qilinmoqda - Inkabodliklar murojaati

KUN.UZ tahririyatiga Surxondaryoning Boysuni tumanidagi «Inkabod» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli shu nomdagi qishloqdan murojaat kelib tushdi.

Qishloqning nuroniy otaxonlari tomonidan imzolangan murojaatga ko‘ra, qishloqda ichimlik suvi ta'minoti yaqin 10 yil ichida katta muammoga aylangan, ichimlik suvi, hatto chorva uchun ham Boysundan suv tashuvchi mashinalarda keltirib sotiladi. Shuningdek, mahalla ahli chorva qoramollari suv ichadigan chashmaning boshida Boysun shahrining chiqindixonasi qurilganidan shikoyat qilishgan.

Murojaatni o‘rganish uchun Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Inkabod qishlog‘ida bo‘ldik. Shunisi hayratlanarliki, ichimlik suvidan shikoyat qilgan Inkabod qishlog‘i o‘rtasidan o‘tgan katta yo‘lning ikki chetida Omonxona suvlari sotilib turibdi. Ha, ha, o‘sha mashhur, qadoqlangan «Omonxona» shifobaxsh suvlari.

«Mahalla fuqarolar yig‘inimizda 870 xo‘jalikda 3700 kishi besh qishloq — Omonxona, Inkabod, Padang, Chorbog‘ va Qiyakamar qishloqlarida istiqomat qiladi, — deydi «Inkabod» MFY raisi, kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnir sovrindori Farhod Jo‘lliyev. — Ko‘rib turibsiz, qishloqlarimiz orasi uzoq. U boshidan bu boshiga borish uchun 25 km.ga yaqin yo‘l bosish kerak. Darhaqiqat, faqat Padang va Omonxona qishloqlarida ichimlik suvi bilan ahvol birmuncha yaxshi. Qolgan qishloqlarimizga Boysundan keltirib sotiladi», dedi u.

Inkaboddan Omonxonagacha 12 km. U yerdagi chiqayotgan ichimlik suvi ziyoratga kelganlar va sanatoriya ehtiyojlaridan ortmaydi. Shuningdek, u qadoqlanib sotiladi.

Ilgari Inkabod qishlog‘iga Padangdagi To‘ranazar ota ziyoratgohi yaqinidagi ikkita chashmadan quvur orqali suv keltirilgan. Qishloqda hamon suv to‘planuvchi minora bo‘y ko‘rsatib turibdi. «Biz chashmadan qishloq markazigacha olib kelingan suvni flyagalarda uyimizgacha tashir edik», deyishdi ular.

Lekin yog‘ingarchilik mo‘l bo‘lgan yillardan birida soyda kuchli sel kelishi oqibatida quvurlarni sindirib, yuvib ketgan.

Biz mahalla raisi bilan o‘sha ikkita chashmani borib ko‘rdik. Hozir qishki mavsum bo‘lgani uchun chashma suvi biroz ozaygan. Biroq chiqib turibdi. Yilning issiq fasllarida ko‘payadi. Suvi juda chuchuk, iste'molga yaroqli. Hozir quvur bo‘lmaganligi sababli suv jilg‘a hosil qilib, o‘z yo‘liga oqib borib, faqat Padang qishlog‘ini ta'minlayapti. Padangliklar shu suvni iste'mol qilishadi va tomorqa xo‘jaliklarini sug‘orishda ham foydalanishadi. Xullas, suv pastgacha oqib bormasdan, singib, yo‘q bo‘lib ketmoqda.

Ziyoratgoh ostonasida bir paytlar chashma suvini 8300 metr narida joylashgan Inkabod qishlog‘iga eltuvchi quvur boshi va boshqariladigan quduq hamon saqlanib turibdi. Agar mutasaddilar inkabodliklarning ushbu talab va istaklarini amalga oshirib, ichimlik suvi eltuvchi quvurni tiklashsa, suv 10 km uzoqlikdan har qatnovini 50-60 ming so‘mdan suv keltirishga hojat qolmas edi.

Inkabodliklarning aytishicha, 50-60 mingga xarid qilinadigan suv qish faslida 2 haftada, yoz oylarida 1 haftaga ham yetmaydi. Oyiga qishloq aholisi suvning o‘ziga qancha xarajat qilishi kerakligini cho‘tga tashlab olavering.

«Bir mashina suvni olib kelgan bilan bir oilaning suvga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilmaydi, sababi — qishlog‘imiz aholisining asosiy tirikchilik manbai chorvachilikdir va maskanimiz lalmi adirlardan iborat bo‘lganligi sababli chorva mollarimiz yilning deyarli 8 oyi davomida dalalarda yuradi. Chorva mollarimiz uchun ham suv kerak bo‘ladi. Hozir chorva mollarimiz ham uyda sug‘oriladi. Kun bo‘yi adirlarda o‘tlab yuradigan mollar ham suv ichishga uyga qaytishga o‘rganib bo‘lishdi», deydi inkabodliklar.

Tahririyatimizga kelgan murojaatda yana bir qiziq holat bayon qilingan: «Peshonamizga Xudo tomonidan bittagina buloq berilgan bo‘lib, buni ham tuman rahbarlari ko‘p ko‘rmoqda. Negaki, Boysunda chiqindi to‘kish uchun boshqa joylar bo‘lishiga qaramasdan, bizning chorva mollarimiz 30–40 yillardan buyon suv ichib kelayotgan buloq boshidan borib, chiqindixona barpo etildi. Hozirgi sharoitda aholini ichimlik suvi, umuman, suv bilan ta'minlash muammo bo‘lib turgan bir sharoitda Xudo tomonidan berilgan in'om, ya'ni buloq suvi atrofini ko‘r-ko‘rona chiqindixonaga aylantirish shartmikan?», deyiladi unda.

«Ko‘z yoshidek sizib chiqadigan buloq suvi inson ichishiga yaroqsiz bo‘lsa-da, dalalarda o‘tlab yuradigan mollarimiz o‘sha yerda suvlashardi. Chiqindixona qurilgach, suvga qo‘shilib mollarimizning oshqozoniga turli sellofan paketlar va boshqa zararli narsalar tusha boshladi. Kasallanib o‘lgan mollar ham bo‘ldi. Umuman, axlatxonadan sizgan qo‘lansa oqovalar qo‘shila boshlagach, suv sifati pasayib, hattoki mollar ham ichmay qo‘ydi, hozir ular suvlagani uyga keladi», dedi mahalla vakillaridan biri men bilan suhbatda.

«Bu muammo chindan ham bor edi, murojaatlar qildik, tuman rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilgan, chiqindixona boshqa joyga ko‘chirilishiga va'da berishgan», — deydi MFY raisi F.Jo‘lliyev.

Farhod Jo‘lliyev bilan qishloqdagi yoshlarning nima ish bilan shug‘ullanishi haqida suhbatlashdik. Aytilishicha, ularning ko‘pchiligi xorijda mehnat qilishmoqda. Qishloqning o‘zida ishlab chiqarish korxonalari, ish yo‘q. Ayrimlari mana shu ko‘chada «Omonxona» suvlari bilan savdo qilishadi.

Rais mahalla fuqarolar yig‘ini hududida «Boysun bahori» folklor-etnografik festivali bo‘lib o‘tganini gapirib berdi.

Umuman, Qishloqlar Boysun shahriga yaqin joylashgan. Bahorda juda ajib chiroy kasb etadigan, betakror manzaraga ega joylar. Omonxonadan shifobaxsh ma'danli suv chiqadi. Hududida hozirgi kunda jahon turizmida yangi yo‘nalishlaridan hisoblanayotgan etnoturizm, qishloq turizmi, tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun ulkan salohiyat bor. Ichki va tashqi turizmni rivojlantirib, qishloqda ish o‘rinlari yaratish mumkin. Buning uchun, albatta, qandaydir investitsiya kerak. Ammo, birinchi navbatda, elementar qulayliklardan hisoblanuvchi ichimlik suvi ta'minoti zarur bo‘ladi. Mutasaddilar bu haqda o‘ylab ko‘rishsa, rejalar tuzib, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishsa, inkabodliklar faqat chorva boqish, suv sotish va xarid qilish bilangina shug‘ullanishmasmidi deyman...

Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ maxsus muxbiri.
Boysun.

Mavzuga oid