O‘zbekiston | 21:30 / 18.12.2017
51951
3 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat importyorlariga taqdim etilgan imtiyozlar bekor qilinadi

2018 yilning 1 fevralidan O‘zbekistonda alohida xo‘jalik sub'yektlariga mamlakatga oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish bo‘yicha taqdim etilgan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash istiqbollari bo‘yicha choralar to‘g‘risidagi farmoni loyihasida aks etgan. Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi muassasa saytida va O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yilgan.

Hujjatda «alohida xo‘jalik sub'yektlarining oziq-ovqat mahsulotlari importi bo‘yicha monopollashuvi, nosog‘lom raqobatning saqlanib qolingani, ayrim tovarlar taqchilligini sun'iy ravishda vujudga keltirib, ular narxining asossiz ravishda ko‘tarilishi uchun sharoitlarni keltirib chiqaruvchi jiddiy tizimli muammolar mavjudligi» qayd etilgan.

«Alohida importyorlar uchun taqdim etilgan individual imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, ular uchun yaratilgan qulay sharoitlar bozorga boshqa tadbirkorlik sub'yektlari kirishini cheklagan», deya tan olinadi farmon loyihasida.

Ekspertlarning fikricha, vujudga kelgan vaziyat O‘zbekistonning ishbilarmonlik faolligi va investitsion jozibadorligini jiddiy darajada pasaytirib, mamlakatning xalqaro maydondagi reputatsiyasiga jiddiy zarar yetkazadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga ayrim xo‘jalik sub'yektlariga mamlakatga oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish bo‘yicha taqdim etilgan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlari berish bo‘yicha qarorlar qabul qilish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, hukumat oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beruvchilarini qidirish va jalb etish, ular uchun bozorga kirishda teng imkoniyatlar hosil qilish, shartnomalar tuzish, olib kirilgan mahsulotlarlarni tashish va saqlashda ko‘maklashish chora-tadbirlari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak bo‘ladi.

Loyiha muhokamasida istalgan jismoniy va yuridik shaxs qatnashishi mumkin bo‘ladi. Jamoatchilik muhokamasi davomida olingan mazmunli taklif va tuzatishlar ekspertlar tomonidan sharhlanadi va muhokama tashkilotchilari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Mazkur havola orqali muhokamada ishtirok etib, o‘zbek yoki rus tilida izoh/fikr qoldirish mumkin.

Bundan avvalroq, prezident farmoniga ko‘ra barcha turdagi tovarlarga eksport bojxona bojlari va tovarlarni eksport qilishni litsenziyalash bekor qilingandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid