Sport | 17:18 / 19.12.2017
18698
7 daqiqa o‘qiladi

«Barsa»ning golini yana o‘g‘irlashdi, «Valensiya» taqdirga tan bermoqda. Ispaniyada tur o‘yinlari

18 dekabr oqshomida bo‘lib o‘tgan «Malaga» va «Betis» uchrashuvi Ispaniya chempionatida 16-tur o‘yinlariga yakun yasab berdi. «Tribuna» turning asosiy voqealariga to‘xtalib o‘tadi.

«Barselona» klasiko arafasida «mushtlarini mashq qildi»

Ernesto Valverde shogirdlari mavsumning birinchi davrasidagi klasikoga tayyorlanishmoqda. 23 dekabrda kechadigan yil o‘yinidan oldin kataloniyaliklar «Deportivo»ni qabul qildi, madridliklar bu haftada BAAda bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdi.

Galisiyaliklarga qarshi o‘yinda Messi va jamoa yirik hisobda g‘alaba qozondi - 4:0. Ammo bu o‘yin ham mojarosiz o‘tmadi.

«Kamp Nou»ga kelgan muxlislar Messining naqadar omadsizligiga guvoh bo‘lishdi: argentinalik futbolchi 4 marta darvoza to‘sinlari va ustunini nishonga oldi. Bu ham yetmagandek, u penaltidan ham gol ura olmadi, uning zarbasini Ruben Martines qaytardi.

Bu o‘yinda Messining o‘rniga Luis Suares va Paulino ikkitadan gol urishdi. Braziliyalik futbolchi o‘yindagi eng omadli futbolchiga aylandi, u Messi va Albaning zarbalari darvoza ustunlaridan qaytgach ikki gol urdi. Urugvaylik hujumchining esa toza goli hisobga olinmadi: Suares rabona usulida to‘pni darvozaga yo‘llagan, darvozabon to‘pni darvoza ichidan qaytargandi. Hakam esa golni qayd etmadi va navbatdagi noroziliklar to‘lqinini boshlab berdi.

Suares rabona usulida gol urdi. Hakam yana «Barselona»ning toza golini inobatga olmadi

«Ko‘rshapalaklar»ning parvozi so‘nmoqda

«Eybar» - Basklar o‘lkasidagi mitti jamoa. 7 ming tomoshabin uchun mo‘ljallangan mitti stadionga egalik qiladigan bu jamoa oxirgi turlarda yaxshi ishtirok etayotgandi, jamoa oxirgi 5 uchrashuvda 10 ochko olgandi. Mavsumni juda ko‘tarinki ruhda boshlagan va turnir jadvalida ikkinchi o‘rindan tushmay kelayotgan «Valensiya» esa avvaliga «Barselona» bilan durang o‘ynadi, keyin «Xetafe»ga mag‘lub bo‘ldi, o‘tgan turda esa shubhali penalti evaziga «Selta»ni mag‘lub etdi (2:1). «Eybar» maydoniga safar o‘yini esa «ko‘rshapalaklar» jamoasining qulashini davom ettirdi. Yomg‘ir ostida kechgan uchrashuvda «Valensiya» qatorasiga ikkinchi safar o‘yinida ham mag‘lub bo‘ldi va turnir jadvalida «Atletiko»ni ham oldinga o‘tkazib yuborib, uchinchi o‘rinda qoldi. Endi «Barselona» bilan oradagi farq 8 ochkoga yetgan.

Mening uyim - mening qal'am

16-tur doirasida o‘z maydonida «Levante»ga qarshi o‘yinda durangga erishgan «Sevilya» tarixiy rekordni o‘rnatdi. 127 yillik tarixga ega andalusiyaliklar birinchi marta bir kalendar yili davomida o‘z maydonida yutqazmadi. 2017 yil davomida hech bir jamoa «Ramon Sanches Pisxuan» stadionidan 3 ochko bilan qaytmadi (26 o‘yinda 17 g‘alaba va 9 durang qayd etildi).

«Sevilya» va jamoa muxlislari uchun yana bir yaxshi yangilik - Edurado Berissoning ishga qaytishi bo‘ldi. Noyabr oyida ushbu murabbiyga rak tashxisi qo‘yilgandi, u muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi va tiklanish jarayonidan keyin, 17 kun o‘tib ishga qaytdi. U hozircha samolyotda ucha olmaydi, u katta ehtimol bilan 17-tur doirasida San-Sebastyanda «Real Sosedad»ga qarshi kechadigan o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Darvozabonning «San Mames» bilan xayrlashuvi

«Atletik»ning iste'dodli darvozaboni Kep Arrisabalaga hisoblanadi. 23 yoshli bu darvozabon «San Mames» bilan xayrlashdi. Yarim yildan buyon u «Qirollik klubi»ga o‘tishi haqida gapirishmoqda, u yanvarda Madrid jamoasi bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda. Uning xayrlashuv uchrashuvi bask derbisiga to‘g‘ri keldi. Lekin uning o‘zi bu o‘yinda kichik jarohati tufayli qatnashmadi. Ikki jamoada ham o‘yin arafasida ahvol ko‘ngildagidek emasdi. «Atletik» ikki oydan buyon o‘z maydonida g‘alaba qozona olmay kelmoqda, «Real Sosedad» ham shuncha vaqtdan buyon safar o‘yinlarini muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda - biron safar o‘yinida 3 ochko qo‘lga kiritilmagan. Ularning muvaffaqiyatsiz seriyasi davom etdi - 0:0.

Kanar orollaridagi triller

«Las Palmas» keyingi vaqtlarda o‘z muxlislarini kam xursand qilmoqda. «Espanol»ga qarshi o‘yin ham jamoa uchun yaxshi boshlanmadi. Birinchi bo‘limdan keyin mezbonlar jamoasi 0:2 hisobida ortda borayotgandi. Bu o‘yin ham orolliklar uchun halokatli yakunlanayotgandek edi. Ularning birinchi goli avvaliga ofsayd tufayli bekor qilindi, ammo oxirgi 10 daqiqalikda yana ikkita gol urishdi va mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Qolaversa, jamoa qo‘shimcha daqiqalar davom etayotgan vaqtda penalti tepish huquqini qo‘lga kiritishgandi, ammo Xonatan Viyera o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi. Bu natijadan keyin «Las Palmas» 11 ochko bilan oxirgi o‘rinda qolmoqda.

Tur o‘yinlari

«Sevilya» - «Levante» - 0:0
«Atletik» - «Real Sosedad» - 0:0
«Eybar» - «Valensiya» - 2:1 (0:0).
Gollar: 
Inui, 49 (1:0). Mina, 57 (1:1). Xoan Xordan, 87 (2:1).
«Atletiko» - «Alaves» - 1:0 (0:0).
Gol: 
Fernando Torres, 74.
«Jirona» - «Xetafe» - 1:0 (1:0).
Gol: 
Stuani, 5.
«Selta» - «Vilyarreal» - 0:1 (0:1).
Gol:
 Pablo Fornals, 34.
«Las-Palmas» - «Espanol» - 2:2 (0:2).
Gollar:
 Moreno, 19 (0:1). Moreno, 41 (0:2). Remi, 80 (1:2). Kaleri, 89 (2:2).
«Barselona» - «Deportivo» - 4:0 (2:0).
Gollar: 
L.Suares, 29 (1:0). Paulino, 41 (2:0). L.Suares, 47 (3:0). Paulino, 75 (4:0).

Turnir jadvali

Turnir to‘purarlari

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid