Jamiyat | 16:29 / 22.12.2017
18757
6 daqiqa o‘qiladi

“Elektr tarmoqlari korxonasiga arzim bor...” (tadbirkor nolasi)

Foto: Canal3

Qish faslida yuzaga keladigan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar xususiy ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlarning rivojlanishi yo‘lida to‘siqqa aylangan.        

Hozirgi paytda zamonaviy dastgoh va uskunalarning deyarli yuz foizi elektr energiyasi yordamida harakatga keladi. Shahar va tumanlardagi o‘z ishini ancha yo‘lga qo‘yib olgan katta korxonalar - ishchilarni ish bilan ta'minlash hamda mijozlar bilan tovar yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnoma shartlarini o‘z vaqtida bajarish maqsadida elektr energiyasi uzilmasligining oldini olish uchun ikkitadan liniya orqali tok olib kelish harakatiga tushishadi. Yoki yoqilg‘i evaziga elektr ishlab chiqaruvchi generatorlardan foydalanadi. Nomiki, ishlab chiqaruvchi bo‘lsa, korxonasi uchun, birinchi navbatda, elektr kam o‘chadigan hududni tanlashga harakat qilishi tayin.

Qiyin, qiyin, qishloqdagi yangi ish boshlagan tadbirkor, hunarmand va kichik biznes egalariga qiyin. Dastgohlar sotib olish, ishchilarni topish, tiklanish jarayoni, bozorda mijozga ega bo‘lish singari og‘ir chig‘iriqlardan o‘tgan kichik biznes egasi  qishda elektr energiyasi o‘chishni boshlashi bilan og‘ir ahvolda qoladi.

E'tiboringizga, ana shunday tadbirkordan KUN.UZ nashriga kelgan maktubni havola qilamiz:

“Men Andijon tumani, Xortum qishlog‘ida yashayman. Hunarmandman. Prezidentimizning xalq farovonligi yo‘lida qilayotgan sa'y-harakatlari, ayniqsa, kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlarini yanada rivojlantirish, ularga keng imkoniyatlar va imtiyozlar berish yuzasidan olib borayotgan siyosati ko‘nglimizni ko‘tarmoqda. Jumladan, u kishining meni eng hayajonga solib, to‘lqinlantirgan bir so‘zi bor: "Bir tadbirkor o‘zi mustaqil faoliyati doirasida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratsa, insonlarni ish bilan ta'minlasa, o‘sha tadbirkorni boshimga ko‘taraman". Men shu so‘zlarni yuragimdan qabul qilib, Vatanim ravnaqi uchun oz bo‘lsada o‘z hissamni qo‘shgim keladi. Lekin, bizga yaratilayotgan sharoitlar bunga imkon bersa, qani edi..”

Ko‘rib turganingizdek, bugungi tadbirkor, jamiyatdagi islohotlar va o‘zgarishlardan bexabar emas. Qonida ishbilarmonlik, hunarmandlik singari xislatlarga ega kishilar O‘zbekistonning barcha viloyatlarida topiladi. Lekin ularning barchasida deyarli bir xil muammolar mavjud.

“Bozordagi mahsulotimni oluvchi xaridor – “kliyentim”ning oldiga bordim. U: “Materiallarni mana bu  turlaridan tezlik bilan bugun yoki ertalabga yetkazib berishingiz kerak dedi” xatida davom etadi tadbirkor.  “Uyga qaytishda topgan pulimdan  MIBchilar elektr uchun to‘lov deb kelsa, “bosh og‘rig‘i” bo‘lmasin deb tuman elektr tarmoqlari korxonasiga 200 ming so‘m oldindan to‘lov qildim. So‘ng buyurtmani bajarish uchun uyga tez qaytdim. Xonadonimiz qishloqning chekkasida joylashgan. Shunga qaramasdan, hunarmandchilik, ya'ni yog‘och materiallariga ishlov berish bilan shug‘ullanamiz. Oilamizdagilarni barchasi birga ishlaydi. Bundan tashqari, yana to‘rtta o‘smir yigitni ham ishga olganman. Xullas, uyga kelsam, elektr yo‘q. To‘g‘risi, qishlog‘imizga sutka davomida 3,4 soatgina elektr berilyapti. Shogirdlarimdan biri: “Usta, dvijok (generator)ni mana bu detali kuyibdi, benzini ham yo‘q”, dedi. Yana bir shogirdim: “Yangi yil yaqin, maoshim ustidan pul berib tursangiz”, deb turibdi. Bir tomonda buyurtmachi, ikkinchi tomonda ishtiyoqingni so‘ndirib, dilni xira qiladigan- elektr tanqisligi, deya ataluvchi chigal muammo...  Bir amallab, tunda tok yonganida sovuqda ishladik. Ertalab meni belim og‘rib qolibdi. Shogirdlarimdan biri shamollagani uchun ishga chiqmadi. O‘zim shahar poliklinikasiga bordim. Vrach 10-15 kun davolanishim kerakligini aytdi. Shogirdim ikkalamizga davolangani 400 ming so‘m dori-darmonga ketdi. Ish to‘xtadi. Buyurtma qolib ketdi. Ish shu ahvolda ketaversa, elektr mutasaddilari o‘sha eski tizimda ishlashni davom ettirishsa, qishloqdagi tadbirkorni kim o‘ylaydi?”

Darhaqiqat, qishloqda tadbirkorlik qilish mushkul ish. Ayrim tumanlarda tadbirkorlarni ana shunday muammolardan qutqarish uchun elektr va tabiiy gaz uziliksiz  yetkaziladigan alohida sanoat hudud(zona)lari tashkil qilinganidan xabarimiz bor. Bu ham yomon yechim emas.

Biroq qishloq hunarmandlari va kichik biznes vakillariga shart-sharoit yaratishga katta e'tibor zarur. Ular aholini kerakli tovarlar, asosiysi ish o‘rni bilan ta'minlaydi.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning ham tub mohiyati ham shunga qaratilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid