O‘zbekiston | 17:00 / 22.12.2017
42724
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident barcha idoralarga o‘z vazifalari va vakolatlari chegarasini eslatib o‘tdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolariga Murojaatnomasida har bir organ ish faoliyatini yuritishda Konstitutsiyaviy normalaridan chiqmasligi kerakligini aytdi.

Prezident vatan va xalq manfaati, deb idorasining nomini ro‘kach qilish taqiqlanishini ta'kidladi.

«Odamlar qattiq charchagan. Xalqimiz tarixda 37-yilni ko‘rgan. Endi bironta fuqaro qalbaki dalillar va bo‘htonlar bilan javobgarlikka tortilmasligi shart. Unday vaqtlar o‘tdi.

Konstitutsiya va qonun normalari so‘zsiz ishlashi uchun ishonchli kafolatlar yaratishimiz zarur.

Har bir huquqni muhofaza qilish organi xodimlarining ish faoliyatini yuritishda Konstitutsiyaviy normalar bor. 

Ularning normadan chiqishiga haqi yo‘q. Konstitutsiyani buzishga mening ham haqim yo‘q.

Har bir organga chegara bor. Organlar bir-birining vazifasini takrorlamasligi kerak. 

Ichki ishlar jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlash bilan, Milliy xavfsizlik xizmati davlatni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishi lozim. Hamma bilib olsin. Prokuratura qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borishi zarur. Sudlarning ishi adolatni qaror toptirishdan iborat. Hamma o‘z ishi bilan shug‘ullanishi kerak.

Har bir hududda shu idoralar vakillari hokimga bo‘ysunadi. Hokim viloyatda Prezidentning vakili, bu masalani muhokama qilishga hech kimning haqi yo‘q», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Mavzuga oid