O‘zbekiston | 21:40 / 25.12.2017
27983
4 daqiqa o‘qiladi

Bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash dasturi bo‘yicha prezident qarori imzolandi

25 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2018-2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.

Hujjatga keltirilgan sharhlarda ta'kidlanishicha, sohada amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, tibbiy genetika rivojlanishining hozirgi bosqichi bo‘lajak onalar va bolalarga ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik yordam ko‘rsatish uchun skrining markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni, sifat jihatidan yaxshilashni taqozo etmoqda. Bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, tug‘ruqqa yordam beruvchi muassasalar va skrining markazlarining kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida ushbu qaror qabul qilindi.

Qaror quyidagilarni nazarda tutadi:

yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar bilan jihozlash orqali skrining markazlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash;

homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni markaziy ko‘p tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tug‘ishdan oldin ommaviy ravishda tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarni genetik sindromlarga biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan homilada tug‘ma va irsiy kasalliklar profilaktikasi va barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirish;

laboratoriya diagnostikasining zamonaviy usullarini, shu jumladan, homilada va kichik yoshdagi bolalarda xromosom sindromlarga tashxis qo‘yishda sitogenetik va molekulyar-sitogenetik texnologiyalarni joriy etish;

bolalarda irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish usullarini takomillashtirish orqali chaqaloqlarni ommaviy tekshirish, shuningdek, bemor bolalarni dori vositalari va davolaydigan ovqatlar bilan ta'minlash orqali irsiy kasalliklarni davolash samaradorligini oshirish;

skrining markazlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash va amaliy sog‘liqni saqlashga zamonaviy jahon tajribasini joriy etgan holda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun 31 million dollar va 90 million so‘m ajratish rejalashtirilmoqda, ulardan 28 million 460 ming dollar davlat byudjyeti mablag‘lari, 90 million so‘m va 2 million dollardan ziyodi «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro nodavlat xayriya jamg‘armasi mablag‘laridir.

Davlat dasturini amalga oshirish:

shaharlar va tumanlar tibbiyot birlashmalarining markaziy ko‘p tarmoqli poliklinakalarida homilador ayollarning tug‘ishidan oldin ommaviy ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilishini joriy etish;

homilaning genetik sindromi bo‘yicha xavf guruhini aniqlash uchun homiladorlikning erta muddatlarida ayollar qonini bosqichma-bosqich biokimyoviy tekshiruvdan o‘tkazish (220 ming nafardan ortiq homilador ayolni tekshirish rejalashtirilmoqda);

310 ming nafardan ortiq ayollarni homiladorlikning ikkinchi uch oyligida tug‘ishgacha biokimyoviy skriningdan o‘tkazish;

tandem mass-spektrometriya usuli bilan irsiy almashinuv kasalliklarini tasdiqlash uchun bolalarni tekshirish (18 mingdan ortiq tekshiruv);

rivojlanishida tug‘ma nogironlikka olib keladigan nuqsonlari bo‘lgan bolalar tug‘ilishini ikki baravar kamaytirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, dispanser hisobida turgan va yangidan hisobga olingan irsiy kasalliklarga chalingan bolalarni maxsus davolaydigan oziq-ovqat va dori-darmonlar bilan ta'minlash davom ettiriladi.

Rejalashtirilayotgan tadbirlarni amalga oshirish yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni skrining tekshiruvidan o‘tkazishni 95 foizgacha oshirish va bolalar nogironligiga olib keladigan irsiy kasalliklarga chalingan bolalarni barvaqt aniqlash bo‘yicha diagnostika va davolash tadbirlarining samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Mavzuga oid