Sport | 23:00 / 29.12.2017
17985
3 daqiqa o‘qiladi

Superliga va Pro-Liga o‘yinlari vaqti kechqurunga belgilanadi

O‘zbekistonning professional futbol klublari o‘rtasidagi 2018 yil uchun futbol bo‘yicha musobaqalar reglamenti tasdiqlandi, deb xabar bermoqda PFL sayti.

Undan O‘FF hamda PFL bayrog‘i ostida o‘tadigan musobaqalar tuzilishi, formati, qatnashuvchi klublarga qo‘yiladigan talablar o‘rin olgan.

Mana shu talablar haqida O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktor Omon G‘ofurov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Superliga jamoalari to‘p suradigan stadionlarga qo‘yilgan talablar ham o‘zgardi. Chiroyli va tomoshabop futbol namoyish etish uchun birinchi navbatda shunga mos maydon bo‘lishi kerak. Ana shundan kelib chiqqan holda, Superligada ishtirok etadigan klublar maydonining chimi borasida alohida talablar qo‘yildi. Ya'ni chim xalqaro talablarga javob beradigan, yuqori sifatli bo‘lishi zarur.

Shuningdek, stadionda muxlislar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lishi, jurnalistlar, yuqori martabali mehmonlar uchun alohida tribunalar ajratilishi shart.

Bundan tashqari, stadionlarda yoritish uskunalari 1200 lyuks bo‘lishi kerakligi reglamentda ko‘rsatib o‘tildi. Ko‘pgina stadionlarda shu paytga qadar yoritish tizimi yaxshi ishlamagani tufayli o‘yinlarni vaqtli, kunduz kuni o‘tkazishga majbur bo‘lishayotgandi. Buning natijasida stadionga muxlislar tashrifi kamayib ketgani hech kimga sir emas.

Bu borada ham biz vaziyatni yaxshilab o‘rganib chiqdik. Futbol avvalo muxlislar uchun. Muxlislarsiz futbol zerikarli bo‘ladi. Futbol ishqibozlarini stadionlarga qaytarish uchun eng avvalo o‘yinlar vaqtini ular uchun qulay paytga tayinlash zarur edi. Shundan kelib chiqqan holda, yangi mavsumdan boshlab Superliga uchrashuvlari 18:00dan keyin boshlanishi reglamentga kiritildi. PRO-ligada hamda O‘zbekiston kubogi o‘yinlari esa 17:00dan keyin start oladi» - dedi Omon G‘ofurov.

Mavzuga oid