Prezident emas, odamlar ishonchini qozonish kerak- Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 yanvar kuni Toshkent viloyatiga tashrif buyurgani hamda viloyat faollari bilan uchrashib, ma'ruza qilgani haqida xabar qilgan edik. Mirziyoyev o‘z ma'ruzasida viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga ham atroflicha to‘xtaldi, fikr-mulohazalarini bildirdi.
“Yangiyo‘lda bitta shaharning o‘zida bu yil 12 ta 7 qavatli uy quramiz, dedik. Osmondan tushadimi bu pullar? Mana televizorda ko‘rayapsizlar, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istondagi 7 qavatli uylar osmondan paydo bo‘lgani yo‘q. Uning uchun pul topish kerak, sifatli qilib qurish kerak, adolat bilan egasiga berish kerak.
Toshkent viloyati misolida tadbirkorlar bilan muntazam ravishda muloqot qilib, ularning dardini eshitish, har taraflama ko‘mak berish va ular duch kelayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishni taklif etmoqchiman.
Mana bugun men qancha-qancha tadbirkorlar bilan qanchalik og‘ir bo‘lmasin, uchrashdim. Men ularning ko‘ziga qaradim. Ular ham ishonib, ham ishonmay turibdi. Mening gapimga ishonayapti. Lekin ular: “Siz aytayapsiz-ku, ammo pastda o‘sha byurokratiya, bitta yer olish uchun 17 ta imzo kerak”, deyapti. Bu qanaqa gap? To‘rtta rahbar nima qilib yuribdi? Odamlarning ishonchini qozonishimiz kerak, prezidentning emas, odamlarning! Menga emas, odamlarga yoqish kerak!” – dedidavlat rahbari.
Mirziyoyev tadbirkorlarga yer ajratish ham katta muammoga aylanganini haqida so‘z yuritar ekan, yer uchastkalarini ajratish vakolatini viloyat hokimligi hamda kengashlariga o‘tkazish, tadbirkorlik sub'yektlariga amaliy yordam berish zarurligi haqida fikr bildirdi.
“Tadbirkor ko‘targan har qanday muammo o‘rganilib, amaliy yordam berish shart. Ro‘yxatdan o‘tish va infratuzilmaga ulanish bo‘ladimi, kredit, soliq, yer qurilish, davlat nazorat organlarining noqonuniy aralashuvi bo‘ladimi, faqat tadbirkor foydasiga hal etish zarur. Bundan maqsad faqat bitta – ish o‘rni, ish o‘rni, ish o‘rni.
Ikkinchidan, har bir tumanda yer ajratishni internetga qo‘yib qo‘yasizlar, mana bir tumanda bir yilda 500 ta yer bor: 1 sotix, 3 sotix, 5 sotix...20 sotix, 1 gektargacha. Internetda narxi bilan qo‘yib qo‘yasizlar. Hech qanday 17 ta imzo, birorta qaror bo‘lishi mumkin emas. Toshkent viloyatida tadbirkorlik qilaman degan ko‘p. Ammo, byurokrat bormi, ular rivojlanmaydi, hech qachon.
4 ta sektor rahbari 10 kishidan olib kelsa, 40 kishi bo‘ladi. Shuni ish bilan ta'minlash bo‘yicha nima qilish mumkin? Sizga nima yordam berish mumkin? Kredit, pul, yer, gaz, svet...va hakozo. Toshkent viloyatida imkoniyat bor. Poraxo‘rlik bo‘lmasa, korrupsiya bo‘lmasa bo‘ldi. Manmanlik bo‘lmasa bo‘ldi. Umid bilan yashayotgan odamlarning niyatini amalga oshirishi uchun biz hali o‘zimizni qiynashimiz kerak, men bosh hamma o‘zini qiynashi kerak.
Televizorda ko‘rayapsizlar, qancha-qancha nogironlar bor ekan. U bechoralarni biz shu vaqtgacha odam sifatida ko‘rmagan edik. U ham odam. U ham yashash uchun tug‘ilgan. Nima Toshkent viloyatida yo‘qmi? Nimaga ularga uy bermadik? Hamma narsani birdan qilib bo‘lmaydi, tushunaman, lekin shunga imkoniyat yaratib berdik, nima uchun qilmyapsizlar?
Bizni tadbirkor boqadi. Boshqa hech kim bizni boqa olmaydi. Men Chorvoqda katta korxona qurganim bilan juda ko‘p bo‘lsa, 5 ming kishini ishga olaman. Millionlab odamni ish bilan ta'minlash kerak”, - dedi prezident.
Mirziyoyev mutasaddilarga tadbirkorlarga yer ajratish, qurilishga ruxsat olish, texnik talablarni yengillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish, yer ajratish komissiyasi vakolatini viloyat hokimiga hamda viloyat kengashiga berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Mavzuga oid
17:37 / 16.11.2024
Uy sharoitida tirik pilla yetishtirganlar daromad solig‘idan ozod qilinadi
18:32 / 04.11.2024
Tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi
11:00 / 30.10.2024
O‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 9 oyda qancha soliq to‘lagani aytildi
20:48 / 09.10.2024