Kuni kecha «Hilol nashr» nashriyoti bosmaxonasida Qur'oni Karimni chop qilish ishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. KUN.UZ mazkur xayrli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida «Hilol nashr» nashriyotida bo‘ldi, u  yerdagi adabiyotlarning nashr etilishi bilan birga Qur'oni Karim Usmon mushafining chop etilish jarayoni bilan tanishdi. 

"Islom ota" jome' masjidi imom noibi, O‘zbekiston Qur'on musobaqasi hay'at raisining o‘rinbosari Hasanxon Yahyo Abdulmajid bu haqida shunday deydi: "Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, bugun yurtimizda juda quvonchli kunlar, tarixiy hodisalarning guvohi bo‘lib turibmiz - O‘zbekistonda Qur'oni Karim nashr etilmoqda. Qur'oni Karim yurtimizda qanday tarqalgani, bu kitobga xalqimiz, ajdodlarimiz qanday munosabatda bo‘lganini ko‘z oldimizga keltirish uchun biz kitob tarixiga qisqacha nazar tashlashimiz lozim. Mushab - bu Qur'oni Karim kitobi, odatda Qur'oni Karim deya uzun qilib aytamiz, lekin qisqa qilib aytganda - mushaf. Mushaf arab tilida bir necha sahifaning bir mujalladga jamlangan holatini anglatadi va bu asosan Qur'oni Karim kitobiga nisbatan ishlatiladi. Odatda Qur'on sahifalarga yozilib, keyin tikilgani uchun bu kitob mushaf deb atalgan. Bugungi kunda ham gapni qisqa qilmoqchi bo‘lganimizda "mushafi sharif" desak, har tomonlama qulay bo‘ladi. 

Mushaf tarixi yurtimizda juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Bunga dalil - bugungi kunda yurtimizda Mo‘yi muborak muzeyida saqlanayotgan Mushafi Usmon kitobi hisoblanadi. Bu kitobning yurtimizga kelishi borasida turli fikrlar mavjud. Eng ehtimolga yaqini - Amir Temur hazratlarining olib kelgani haqidagi ma'lumotlar bo‘lsa, yana biri - hazrati Usmon raziyallohu anhuning o‘g‘illari bilan birga bu mushaf bizning yurtimizga kirib kelganiga doir ma'lumotlar. 

Bugungi kunda bu mushafga davlat miqyosida alohida ehtimrom mavjud, bu xalqimizning Qur'oni kitobiga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidir. Mushaf avvallari yurtimizda boshqa musulmon o‘lkalar qatori qo‘lyozma shaklida tarqalgan, lekin o‘tgan asrda islom olamining ko‘p joylarida, ayniqsa musulmon mamlakatlarida mushaf borasida ancha yaxshi ishlar amalga oshirilgan - Hindiston, Turkiya, Misrda mushaf nashr qilingan, lekin O‘zbekistonda muayyan sabablarga ko‘ra mushaf nashri bo‘lmagan.