21:40 / 09.01.2018
19789

Jurnalist yo‘ldagi qoidabuzar haydovchini suratga olib, jarima to‘lashga majbur qildi

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi foydalanuvchilardan biri — jurnalist Nikita Makarenkoning joylashtirgan posti e'tiborimizni tortdi. Azbaroyi, yo‘llarda yuz berayotgan yo‘l harakati qoidalarining buzilishining oldini olishda har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi mumkinligidan ushbu postni sizlar bilan bo‘lishishga jazm qildik:

«JINOYaT VA JAZO 2.0

Hayron qolishingiz mumkin, lekin ushbu postimda hozir Toshkent shahar IIBB YHXBBni maqtayman. Yaxshilab o‘rnashib oling.

Xullas, men bir tajriba o‘tkazishga qaror qildim — yomon haydovchilardan birini fotosurat va video yordamida jazolash borasida. Chunki, nazariy jihatdan bu ish berishi kerak edi — Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 276-moddasiga ko‘ra, ma'muriy qoidabuzarlikni qayd etishda foto va video dalil sifatida keltirilishi mumkin. Yo‘l harakati qoidalarini buzish ham ana shundaylar sirasiga kiradi.

Avval voqeaning qisqacha tafsiloti: 30 dekabr kuni «Qatortol» bozori oldidagi ikki polosali yo‘lning polosalaridan birida mana shu «Epika»ning egasi mashinasini qoldirishga qaror qildi. O‘zi shundoq ham u ko‘chada doimo harakat zich. Ustiga ustak, haydovchi ko‘chada butun bir polosadan iborat tirbandlik ham hosil qildi. Men unga tanbeh berdim va vaziyatni suratga olishimni aytdim. Shundan so‘ng u mashinasidan tushdi, dvigatelni o‘chirib, «menga baribir» dedi va ketdi. Baribir bo‘lsa baribir-da, mana o‘sha fotosurat! Bu yerda u yo‘q, chap tomondagi kishi boshqa mashina haydovchisi.

Foto: facebook.com/nikmccaren

Men foto va videoni Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali ichki ishlar vazirligiga jo‘natib, ma'muriy ish yuritish uchun dalillarni inobatga olishni so‘radim. O‘rtada bayramlar o‘tib, roppa-rosa bir haftadan so‘ng (6 yanvar kuni) menga Chilonzor YHXB inspektori qo‘ng‘iroq qilib, tafsilotlarni surishtirdi. U favqulodda xushmuomala edi, buning uchun albatta unga tashakkur bildirib qolaman. Darhol bir nuqson aniqlandi: YaDIXP faqat bir faylni yuklash imkonini berar ekan va o‘sha fayl ulargacha yetib bormagan. Shu sababli mening arizamni ularga faylsiz jo‘natishgan. Fayllarning barchasini inspektorning shaxsiy Telegram raqamiga qayta tashlashga to‘g‘ri keldi.

Oradan yana 2 kun o‘tib, 8 yanvar kuni u menga yana qaytib qo‘ng‘iroq qildi va kelib, chindan ham dalolatnoma rasmiylashtirilganligiga amin bo‘lishni so‘radi. Hammasi risoladagidek edi: bepisand haydovchining haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgan, dalolatnoma imzolangan, 128-6 moddaning 1-qismi «Transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtash va turish qoidalarini buzish»ga ko‘ra 450 ming jarima qo‘llangan.

Yakunda, amin bo‘ldimki:

1. Tizim ishlar ekan.

2. Yomon haydovchilarni osongina jazolash mumkin.

3. YHXBB nihoyatda xushmomala.

Bu borada nimalarni yanada yaxshilasa bo‘ladi:

1. YHXBBning fuqarolar uchun telefon ilovasi yoki rasmiy Telegram-boti ishga tushirilishi kerak.

2. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga biroz o‘zgartirish kiritiladi.

3. Beparvo haydovchilarning suratlarini barcha jo‘nata boshlaydi.

4. ...

5. Kelib chiqadigan foyda (YHXBB pullarga ko‘miladi, qoida-qonunlarga rioya etuvchi fuqarolar esa tarbiyalash jarayonidan qoniqish hosil qilishadi)», — deb tugatadi o‘z postini Nikita Makarenko.

Ushbu post ostida fikr bildirganlardan Usmon Sultonov yanada antiqaroq taklif bergan:

«Agar ilova yaratilsa va jarimalardan ma'lum bir foiz to‘lab turilsa tizim o‘zini-o‘zi ta'minlash bilan birga, odamlarda rag‘bat ham uyg‘otadi. Dastur uchun pul mukofotli tanlov e'lon qilinsa TATU va INHA talabalari tezda yasab ham berishadi».

Mavzuga oid
Top