Jahon | 09:46 / 13.01.2018
16379
11 daqiqa o‘qiladi

AQShda restoran imperiyasini qurgan koreyalik muhojir o‘z sirlari bilan o‘rtoqlashdi

Foto: Smart Business

Janubiy Koreyadan kelgan muhojir Charli Sin AQSh aholisini yana amerika sendvichlarni yaxshi ko‘rishga majbur qildi.

Charli Sin Forbes’ning Osiyo nashriga berishi kerak bo‘lgan intervyuga 15 daqiqa kechikib keldi. U uzr so‘rab, Nyu-Yorkdagi sevimli restorani Gramercy Tavern’ga rafiqasi Meri bilan kirib keladi. Ma'lum bo‘lishicha, taksi haydovchisi onasi bilan telefon orqali uzoq suhbatlashgan, Sin esa bu muloqotni to‘xtatishga jazm etmagan. Ofisiant qiz o‘z ta'miga ko‘ra, yo‘l-yo‘l olabug‘a baliq va pomidor salatini olishni taklif qiladi. Menyuga qaramasdan, tadbirkor uni yopadi va mamnuniyat bilan buni qabul qiladi. Taklif etilgan narsalarni qabul qilish istagi uning o‘z kafelari bir qismiga aylangan qat'iy rejalashtirish pozitsiyasi bilan mos emas.

Charli Sin - Ohayo shtati Kolumbus shahrilik, sendvich-kafelar asoschisi bo‘lgan amerikalik koreys. Hozirda tadbirkor 54 yoshda va 33 yil ichida Charleys muassasalari soni 600 ga yetdi. Ularni 45 shtatda va boshqa 19 mamlakatda topish mumkin.

Charleys menyusida klassik «Filadelfiya» sendvichlari, italyan delyuksi, teriyaki sousli tovuq va boshqa ko‘plab narsalarni topish mumkin. So‘nggi uch yil ichida kompaniyaning sotuvlar darajasi umumiy o‘rtacha o‘sishi 7%ni tashkil etdi. Kutilishicha, kompaniya 2017 yilni 500 million dollar bilan yopadi. Charleys kafelarining aksariyati franshiza asosida ishlaydi va Qo‘shma Shtatlarda savdo-sotiq markazlari, aeroportlar hamda harbiy bazalarda katta muvaffaqiyatga ega. AQShda jami bo‘lib 503 ta savdo nuqtasi bor. Ikkinchi o‘rinda - Birlashgan Arab Amirliklari (24 ta), uchinchi o‘rinda - Saudiya Arabistoni (10 ta kafe). Osiyo bozorida kompaniya faqat Janubiy Koreya va Yaponiyada (har birida 5 tadan) bor. AQSh tashqarisidagi ko‘pgina kafelar ham savdo markazlari hamda harbiy bazalarda joylashgan.

Sin katta rejalar tuzmoqda: «Hozir mening maqsadim - 3000 savdo nuqtasini ochish». Uning o‘zi esa Charleys’ning eng yaxshi mijozi. U yoshidan ancha kichik ko‘rinadi va xuddi yosh bolalardek o‘zini tutadi. Intervyuni esa u ona tilida emas, ingliz tilida berishni xohladi. Charli Sin Seulda tavallud topgan, Amerikaga esa 13 yoshida opasi bilan kelgan. Hozirga birga yashaydigan onasi Kolumbusda istiqomat qiluvchi opasining yoniga undan ikki yil avval kelgandi. Uning onasiga Tinch okeanidan bolalarini ham o‘zi bilan olib o‘tish va bu yerda o‘zining Amerika orzusini qurishni boshlash haqida maslahat berishgan.

Faoliyatning boshlanishi 

Sin shunday deydi: «Mening muvaffaqiyatim mehribon va sadoqatli onam tufayli yuz berdi». Keyinchalik u Ohayo shtati Universitetiga o‘qishga kirib, moliya va ko‘chmas mulk bo‘yicha korxonani boshqarish darajasini oldi. Ishlashni esa maktab davridayoq boshlagan hamda oddiy idish-tovoq yuvuvchisi bo‘lgan. Ammo uning hayoti Nyu-Yorkka safar hamda kutilmaganda Filadelfiyaga borishdan o‘zgardi. Filadelfiya esa grildagi go‘sht va pishloqli sendvichlarning ko‘plab retseptlari bilan mashhurdir. Sin shunday deb eslaydi: «Men mahalliy sendvichlar tufayli aqldan ozdim. O‘shanda juda yosh edim va mazali taomlarni iste'mol qilishni yaxshi ko‘rardim». Kelajakda yirik tadbirkorga aylanadigan Sin shu qadar hayratga tushganki, uyiga qaytganidan so‘ng retseptni qayta ishlab chiqishga ham urinib ko‘rgan: «Men ularni kichkina dumaloq tovada tayyorlab ko‘rishga harakat qildim va sendvichlar juda yaxshi chiqdi. Ularni do‘stlarimga taklif etdim – ularga ham yoqdi, hamda men buni yaxshi uddalaganimni tushunib yetdim».

Go‘sht va qizarib qovurilgan piyoz tuzilishi bo‘yicha an'anaviy Koreya pulkogiga (marinadlangan mol go‘shtining grildagi ingichka qismlari) o‘xshab ketadi. Sin onasini klassik amerika sendvichlari bo‘yicha biznes boshlashiga yordam berishi uchun ishontira oldi. Ayol unga yig‘ib qo‘ygan barcha pullari - 48 ming dollarni beradi. Tadbirkor shunday eslaydi: «U sendvichlar haqida hech narsa bilmasdi, biroq o‘zining yagona o‘g‘liga ishongandi».

Tog‘asi unga yana 3 000 dollar berdi va Sin 1986 yilda, universitetning uchinchi bosqichini tugatayotganida universitet to‘g‘risidagi binoda, avval bosma salon bo‘lgan joyda ilk kafesini ochdi. Tadbirkor shunday deydi: «Bu shunchaki devordagi teshik edi, hattoki ikkita mashinaga mo‘ljallangan garajdan ham kichik edi». Birinchi nuqta juda mashhur bo‘lib ketdi. Sin buyurtmalarni tayyorlash uchun yangi mahsulotlar va sifatli mol go‘shtini ishlatgan, chunki, uning fikriga ko‘ra, bu bilan ortiqcha puli bo‘lmaydigan talabalar ishonchini qozonish mumkin edi.

U aniqlik kiritadi: «Eng kichik paytlarimdan boshlab men tadbirkor bo‘lishni istardim, juda eng kuchli xohish edi».

Talabalik yillarida muhabbatiga aylangan Meri esa, bunga butunlay qo‘shiladi va shunday deydi: «O‘qituvchilar biz nima haqda orzu qilayotganimiz haqida so‘rashganida, Charli doimo millioner bo‘lishni istashi haqida aytardi». Unda o‘qishga haddan tashqari chanqoqlik bo‘lmagan. Sumkasida darsliklar o‘rniga doimo biznes jurnallari bo‘lgan. Sin uni shu yerda to‘xtatadi: «Forbes ham albatta!»

Kelajakka sarmoya 

Biroq, mijozlar juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, Charleys kafelari 10 yil o‘tib, tarmoq 100 ga yaqin muassasalarga ega bo‘lgandagina daromad keltirishni boshladi. Sin zararga ishlashga to‘g‘ri kelishini yaxshi bilgan va buni kelajakka sarmoya sifatida qabul qilgan.

Oxiri uning sabr-toqati mevasini berdi. So‘nggi 10 yil ichida Charleys savdo nuqtalari soni ikki barobarga oshdi. Pol, LeFrak rieltorlik firmasi konserji Nyu-Jyersidagi Newport Centre savdo majmuasiga tushlik qilish uchun ko‘p kiradi. Odatda u klassik «Filadelfiya» sendvichini buyurtma qiladi: «Men ularning cho‘ziluvchan pishlog‘ini sevaman, u hammaga yoqadi».

Charleys menyusida ham didi nozik insonlar uchun sendvichlar, ham yangi tashrif buyuruvchilar uchun taomlar bor. Misol uchun, Garfild, Xitoydan almashish dasturi bo‘yicha kelgan talaba 7,49 dollarga cheklangan vaqt davomida sotuvda bo‘ladigan bekonli uch darajali sendvich buyuradi. U shunday deydi: «Men bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda yashayman, tez-tez bu yerning yonidan o‘taman va hozirda sinab ko‘rishga qaror qildim». Sin o‘zining Gosh Enterprises holdingi qoidalariga ko‘ra, uchta va undan ko‘proq nuqtada franshizasi bo‘yicha ishlaydigan yirik agentlardan sotuvlarning 5 foizi, maydalaridan esa – 6 foizni oladi. Franshiza yangi agenti uchun dastlabki sarmoya o‘rtacha 380 000 dollarga teng. Boshqa shunga o‘xshash kompaniyalar so‘nggi bir necha yil ichida birjaga faol kirmoqda, biroq Charleys’ning iddao etishicha, yaqin kelajakda fond birjasida o‘z aksiyalarining dastlabki joylashtirilishi yuz bermaydi.

Fastfudda boy bo‘lib ketish

Bundan tashqari, AQSh fastfud bozorining aylanmasi 210 mlrd dollarga baholanib, u 2016 yilda atigi 2,7%ga o‘sdi, bu so‘nggi uch yildagi eng past ko‘rsatkich. Bunday holat oddiy va tushunarli menyuga (masalan, salatlar, guruchdan tayyorlangan taomlar va hokazo) ega kafelar modada ekani bilan izohlanadi. Bunday restoranlar ancha sog‘lom muqobil variant berishi mumkin va nozik didli kishilarga mo‘ljallangan. Shuning uchun Charli Sin bugungi kunda o‘zining barcha kuchini Bibibop Asian Grill yangi kafelar tarmog‘ini rivojlantirishga sarflamoqda. Charleys’dan farqli ravishda, kompaniyaga bu tarmoqning Qo‘shma Shtatlar hududidagi muassasalarining barcha 26 tasi tegishli.

Sin endi ma'muriy masalalar bilan shug‘ullanmayapti - buning o‘rniga u kompaniyaning qanday yo‘l tutish kerakligini aniqlaydi. Charleys rahbari – dindor bo‘lib, ko‘pincha tushlik paytida buni ta'kidlaydi. U o‘zining kafelar tarmog‘ini nima uchun qurgan bo‘lsa, buni saqlab qolish va franshiza agentlariga topshirishni istaydi. Shuningdek, u ularga o‘z qadriyatlarini yetkazishga harakat qilmoqda: «Avval men ko‘plab nomzodlar bilan suhbatlashardim va muvaffaqiyat doimo yaxshi insonlarga duch kelishiga ishonardim. Lekin, men ularning ba'zilari buni uddalay olmagani, biznesni esa salbiy insonlar ham yaxshi olib borishini ko‘rdim. Bu meni tupikka kiritib qo‘ydi».

Sin shunday xulosaga keldiki, qisqa muddatli muvaffaqiyatga istalgan fazilatlarga ega holda erishish mumkin, lekin biznesning barqaror rivojlanishi uchun donolik, o‘z ishini yaxshi ko‘rish va barinchi navbatda jasurlik kerak: «Men ko‘p narsani ko‘rdim va shuni tushunib yetdimki, rahbarlar dono bo‘lishi kerak, chunki odamlarni haqiqiy muvaffaqiyatsizlikka yo‘naltirib bo‘lmaydi. Kompaniya rahbari qo‘l ostidagilarga ishonishi ham kerak, bu ular unga ishonishlari va o‘z ishlarini yaxshi ko‘rishlari uchun zarur. Bundan tashqari, jasur bo‘lish va tavakkal qilish kerak, boshqalar qo‘rqadigan narsalardan cho‘chimaslik lozim. O‘zida jasorat topish ba'zida juda qiyin bo‘ladi. Barchasi sokin bo‘lsa, qayiqni tebratishning nima keragi bor?» Charli Sinning qat'iy ishonch bildirishicha, muvaffaqiyatning asosiy siri aynan shundadir.

Mavzuga oid