Firibgarlardan qanday himoyalanish mumkin?
Xorazm viloyati hududida 1 mln. 800 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, fuqarolar va yuridik tashkilotlar o‘rtasida kuniga minglab mulkiy munosabatlar amalga oshiriladi va ularning muayyan qismi huquqiy tartibda amalda rasmiylashtirilishi lozim bo‘lsada, huquqiy savodxonlikning yetarli emasligi, tomonlarning o‘zaro ishonchi yoki e'tiborsizligi natijasida salbiy oqibatlar yuzaga keladi. Xorazm viloyati prokuraturasi bu borada qator tavsiyalar berdi.
2 taraf ham aziyat chekib, mubohasa yuzaga kelgach, nizoning kalavasini yechish nechog‘lik qiyinligiga e'tibor bering. Mulk huquqiga ega bo‘lgan taraf mulkidan mahrum bo‘lib, da'vo qilsa, mulk huquqini noqonuniy qo‘lga kiritgan taraf surishtiruv-tergov organining munkiriga aylanadi.
Da'vogar mulkini qaytara olmasa, firibgar esa sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilib, oqibatda 2 tarafning yaqinlari ham ochin-to‘qin ahvolda qolsa...? Qolaversa, ushbu munosabatlarga kirishgan aka-ukalar, qarindoshlar, yaqin do‘stlar va tanishlar o‘rtasidagi aloqalar qayta tiklanmas darajada oilalarning buzilib ketishiga olib kelmoqda.
Birgina Xorazm viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 2017 yil davomida 500 ga yaqin fuqarolarning firibgarlikka oid murojaatlari kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 348 tasi (70%) yuzasidan firibgarlikka oid jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
“Firibgarlik” - (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi sanksiyasida - o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) jinoyat ishlari doirasida 37 ta holatda qarz olib, qaytarib berishni, 36 tasida uy-joy va boshqa binolarni, 30 tasida avtotransport vositalarini sotish va sotib olishni, 33 tasida o‘qishga va ishga kirtishda yordam berishni, 22 tasida qoramolni so‘yib sotib pulini keyinroq berishni, 16 tasida tilla taqinchoqlarni sotib berishni, 11 tasida plastik kartochkadagi mablag‘ini naqd qilib berishni, 11 tasi bankdan arzon narhda AQSh dollari olib berishni hamda qolgan 152 tasi boshqa masalalarda yordam berishni aytib, qilgan va'dalariga ishonib, 500 dan ortiq fuqarolar aldovlar qurboni bo‘lganlar.
Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudiga o‘tgan davr mobaynida qarz undirish, hadya shartnomasi, uy-joy oldi-sotdisi va boshqa masalalar bilan bog‘liq 1000 dan ortiq nizoli ishlar ko‘rilgan. Ushbu holatlarda ham tomonlar o‘zaro ishonch asosida munosabatga kirishgan bo‘lsalar-da, majburiyatni bajarish vaqtiga kelib, birinchi tomon o‘z majburiyatini bajarmaganligi ikkinchi tomonning sudga murojaat qilib, sarson-sargardon bo‘lishiga olib kelmoqda.
Eng achinarlisi, sud natijasida undiruv majburiy ijroga qaratilgach, 221 ta holatda 3 mlrd. 105 mln. so‘mlik ijro ishlari qarzdorning mulki yo‘qligi, nizoli pul mablag‘lari va mulkini undirish imkoni yo‘q deb topilib, ijro ishlari da'vogarlarga qaytarilgan.
Bunday salbiy holatlarning o‘zi bugungi kunda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga va o‘z navbatida barcha davlat va nodavlat tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni hamkorlikda bu kabi salbiy holatlarni oldini olishni taqozo qilmoqda.
Yuqoridagi holatlardan qanday himoyalanish mumkin?
Uy-joy va boshqa ko‘chmas mulklarni, avtomashinalarni firibgarlarga uchramasdan, qonuniy tartibda oldi-sotdi qilmoqchimisiz?
- ko‘chmas mulk va avtomashinalarni tegishli notarial idoralar orqali tegishli tartibda shartnoma tuzish orqali oldi-sotdi qiling;
- agarda ushbu mulklarning pulini keyinchalik ma'lum bir muddatda bo‘lib-bo‘lib berish bo‘yicha kelishgan bo‘lsangiz, oldi-sotdining ushbu jihati haqida notarial shartnomada alohida qayd etishni talab qiling;
- oldi-sotdi jarayonini boshqa xolis shaxslarning guvohligida amalga oshirib, pullarni faqat tegishli shartnomalar imzolanganidan keyingina sotuvchiga bering;
- qurilishi tugallangan binolar va ular joylashgan yer uchastkalarini sotish va sotib olishda oldi-sotdi shartnomasiga imzo chekishga va pulni berishga shoshilmang, hujjatlarni diqqat bilan o‘rganib chiqing (tuman yoki shahar hokimi tomonidan qurilishi tugallanmagan bino va u joylashgan yer uchastkalarini sotishga ruxsat berilganligi haqidagi qaror mavjudligiga alohida e'tibor qarating)
- ko‘chmas mulk va avtomashinalarni sotib olishdan oldin kadastr xizmati va viloyat IIB YHXBdan ushbu mulklarga taqiq bor-yo‘qligiga aniqlik kiriting;
- o‘zga shaxsning nomida bo‘lgan yoki tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan mol-mulklarni sotib olmang;
O‘quv muassasalariga o‘qishga yoki korxona, muassasa, tashkilotlarga ishga kirishda firibgarlarga uchramasdan, qonuniy tartibda o‘z maqsadingizni amalga oshirmoqchimisiz?
- o‘qishga yoki ishga kirish bo‘yicha maslahatlarni, shuningdek, zaruriy hujjatlar haqidagi ma'lumotlarni faqatgina bandlikka ko‘maklashuvchi markazlardan yoki tegishli tashkilotlardan, ularning internetdagi veb-sayti hamda ishonch telefonlari orqali olish va hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu tashkilotlarga topshiring;
- o‘qish yoki ishga taklif qilayotgan o‘quv muassasalari, idora va tashkilotlardan ularning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun ruxsat berilgan hujjatlarni, ularning ish faoliyati bilan bog‘liq holatlarni so‘rab-surishtiring;
- qonuniy tartibda rasmiylashtirilayotgan hujjatlar uchun o‘qishga yoki ishga joylashishda hech qanday pul yoki moddiy qimmatliklar talab qilinmasligini, bu – o‘ta og‘ir jinoyat ekanligini esda tuting;
“Pora berish – O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasida mansabdor shaxsga pora berganlik uchun o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”. Agarda, bu haqda 30 sutka ichida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmasangiz!
Qarz oldi-berdi munosabatlarida firibgarlarga uchramasdan, qonuniy tartibda qarz oldi-berdisini amalga oshirmoqchimisiz?
- hech qachon o‘zingiz yaxshi tanimagan va bilmagan, shuningdek, tasodifiy va tez tanishgan shaxslar odamlar bilan qarz oldi-berdisi va boshqa moddiy manfaatli munosabatlarga kirishmang;
- uchinchi shaxslarning manfaatlari uchun o‘zingizga tegishli bo‘lgan mulkingizni garovga qo‘ygan holda kredit olish takliflariga rozi bo‘lmang;
- har qanday miqdordagi pul yoki moddiy qimmatliklarni qarzga berayotganingizda notarial tartibda qarz shartnomasi rasmiylashtirib, bergan qarzingiz qaytmagan taqdirda, uning kafolatiga aniqlik kiritib qo‘ying;
- qarz shartnomasi tuzayotganingizda, albatta, uni qachon, qanday tartibda qaytarish, agarda shartnoma shartlari bajarilmagan hollarda, qanday tartibda ustama pullari undirilishini va bu jarayonning qanday amalga oshirilishini belgilab qo‘ying;
Tilla taqinchoqlar, qimmatbaho buyumlar, uy-ro‘zg‘or, xo‘jalik mollari va boshqa buyumlarni xarid qilayotganingizda firibgarlarga uchramasdan, o‘z xaridingizni ishonchli tarzda amalga oshirmoqchimisiz?
- hech qachon ko‘cha-ko‘yda, “qora bozor”da yoki hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan xaridni amalga oshirmang;
- faqatgina tegishli tartibda ruxsatnoma va litsenziyalarga, shuningdek, nazorat kassa mashinalariga ega bo‘lgan do‘kon va firmalardan xaridlarni amalga oshirib, bunda xarid qilingan narsalarning xarid cheklarini olishni unutmang;
- sotuvga chiqarilgan narsalarning tegishli hujjatlarini sotuvchidan so‘rab olib, ushbu hujjatlarning aynan shu tovarga tegishliligiga aniqlik kiriting;
- agar boshqa davlat fuqarosi bilan shartnoma tuzmoqchi bo‘lsangiz, buni guvohlar ishtirokida amalga oshiring, xariddan oldin pulni bermang, shaxsiy mulklaringizni depozit sifatida topshirmang, pullarni sanang, pullarni berganingizdan so‘ng mahsulotlarni darhol tekshiring, qog‘oz paketlarga o‘ralgan, elastik bantlar bilan bog‘lab qo‘yilgan pul mablag‘larini olishda e'tiborli bo‘ling;
- biror-bir savdo firmasi, tashkilot yoki tadbirkorlik sub'yektidan tovarlar xarid qilinishi yuzasidan tegishli shartnoma va hujjatlarni rasmiylashtirib, tovarlar Sizga yetib kelganidan so‘ng sotuvchiga pullarni berishni unutmang.
Davlat organlari va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish jarayonida, firibgarlarga uchramasdan, pullaringizni to‘liq va qonuniy tartibda olmoqchimisiz?
- davlat organlari va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga rasman murojaat qilib (og‘zaki, yozma, elektron), bunda o‘z murojaatingizda aniq holatlarni bayon qiling;
- sizga ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan xizmatlar, ular uchun to‘lanishi mumkin bo‘lgan to‘lovlar, shuningdek, bunda huquq va majburiyatlaringiz bilan tanishib chiqing;
- hech qachon tegishli mansab vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslar bilan munosabatga kirishmang.
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:50 / 28.10.2024
Xorazmda ayrim loyihalar uchun Polsha texnologiya va investitsiyalari jalb qilinadi
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
18:40 / 18.09.2024