Sport | 17:13 / 13.01.2018
23234
6 daqiqa o‘qiladi

Xitoyliklar o‘qimasin: Guruhdan chiqish imkoniyatimiz Italiyanikidan kam emas

Foto: News.cn

15 yanvar kuni 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati guruh bosqichida terma jamoamiz so‘nggi o‘yinini o‘tkazadi. Dastlabki turda Qatarga 0:1 boy berib, kecha Xitoy ustidan shu hisobda g‘alaba qozongan Ravshan Haydarov shogirdlariga keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat bor. Ammo har doimgi kabi, hammasi o‘z qo‘limizda emas. Xitoy — Qatar o‘yinida qayd etilishi mumkin bo‘lgan ba'zi hisoblar, bizni hatto Ummonni 10:0 yutgan taqdirimizda ham musobaqa tashqarisida qoldirishi mumkin. 

Avval guruhdagi turnir jadvali bilan tanishing:           

Turnir jadvalidan payqagan bo‘lsangiz kerak, agar ochkolar teng bo‘lib qolsa, avvalo, o‘zaro o‘yin natijasiga qaraladi. Xuddi shu sabab bilan biz hozir Xitoy terma jamoasidan yuqorida turibmiz. 

So‘nggi turda O‘zbekiston Ummon bilan, Xitoy esa Qatar bilan kuch sinashadi. Xo‘sh, qaysi variantlarda qanday imkoniyatlarga ega bo‘lamiz? 

Agar, Ummondan mag‘lubiyatga uchrasak,

Biz keyingi bosqichga chiqa olmaymiz. To‘g‘ri, uch jamoa (Xitoy, O‘zbekiston, Ummon) bir xil 3 ochkodan bo‘lib qolish varianti bor, ammo bunda Ummonni yirik hisobda mag‘lub etgan Xitoyning guruhda 2-o‘rinni olishi aniq.

Agar Ummon bilan durang o‘ynasak, 

Xitoyning Qatarni yuta olmasligidan umid qilishimiz kerak bo‘ladi. Xitoy Qatardan yutqazsa, biz 4 ochko bilan guruhdagi 2-o‘rinni saqlab qolamiz. O‘sha o‘yin durang bo‘ladigan bo‘lsa ham, Xitoy bilan ochkolarimiz teng — 4 tadan bo‘ladi. O‘zaro o‘yinda xitoyliklarni yengganimiz uchun guruhdagi ikkinchi o‘rin bizga tegadi.  

Shu bilan birga, Ummonni yutib ham keyingi bosqichga chiqa olmay qolishimiz mumkin. Bunisi eng chatog‘i, ya'ni aslini olganda, keyingi bosqichga chiqishimiz o‘zimizga emas, ko‘proq Xitoy - Qatar o‘yini natijasiga bog‘liqdir. 

Qatarliklar har ikki o‘yinni yutgan bo‘lsalar-da, hali keyingi bosqich masalasini hal qilishagan. Xitoy ham g‘alaba uchun maydonga tushishi shubhasiz. Bu yerda biz uchun eng yomoni, har ikki jamoa uchun ham qoniqarli bo‘lgan natijaning mavjud bo‘lganidir. Misol uchun, Xitoy Qatar ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonsa va biz Ummonni yutsak, uch jamoada 6 tadan ochko bo‘ladi va o‘zaro o‘yin natijalaridan tuzilgan jadval qo‘yidagi ko‘rinishga keladi:

1. Xitoy                 3      1       0      1      2:2      3

2. Qatar                  3      1      0      1      2:2      3

3. O‘zbekiston        3      1      0      1      1:1      3

Demak Xitoy va Qatar o‘yinida 2:1, 3:2 yoki 4:3, umuman ko‘p gol urilgan holatda xitoyliklarning g‘alabasi har ikki jamoani qoniqtiradi. Agar Xitoy 1:0 hisobida yutadigan bo‘lsa, yuqoridagi jadvalda har uch jamoaning hamma ko‘rsatkichlari teng bo‘lib qoladi. U holda, Ummon bilan o‘yindagi natijalar ham e'tiborga olinadi. Shuning uchun O‘zbekiston imkoni boricha Ummonni kamida 2:0 hisobida yutishi kerak. Shu holatda guruhda biz va Ummonni yirik hisobda mag‘lub etgan Xitoy chiqadi. 

Agar Xitoy Qatarni minimal emas, yirikroq hisobda yutadigan bo‘lsa, biz Ummoni har qanday hisobda yengishimiz kifoya. Chunki, yuqoridagi kabi, o‘zaro o‘yinlar jadvalida, Qatarning to‘plar nisbati yomonlashib ketadi. 

Shunaqa gaplar. So‘nggi turda Xitoy va Qatarni qoniqtiradigan natijaning mavjud bo‘lishi bizning ahvolimizni og‘irlashtirishi aniq. Bu yerda qandaydir kelishilgan o‘yinlar yoki maydon ortidagi «o‘yinlar» aralashadi deyishdan yiroqmiz. Ammo har ikki jamoada tahlika bor vaziyatda, ular qaysidir pallada tablodagi hisobdan rozi bo‘lishlari va ortiqcha risk qilmasdan, kurashni to‘xtatib qo‘yishlari ham mumkin. Tasavvur qiling, o‘yinning 2-taymi va Xitoy 2:1 hisobida g‘alaba qozonmoqda. Qatar durang qilaman deb, hujumga berilishini kutasizmi? Yo‘q, chunki, qarshi hujumdan uchinchi golni o‘tkazib yuborib, guruhda qolib ketgandan ko‘ra, shu hisobning qolishini afzal biladi. Xitoyga ham bu ayni muddao. Kurash muddatidan oldin tugashi mumkin. Bu yerda hech narsani isbotlab bo‘lmaydi. 

Esingizda bo‘lsa, Yevro-2004 guruh bosqichida xuddi shunday vaziyat yuzaga kelgan va Shvetsiya-Daniya o‘yini har ikki tomonni qoniqtiradigan hisobda, 2:2 bo‘lib tugagan, natijada Italiya terma jamoasi guruhda qolib ketgandi. Qiziq, yana taqdirimiz Italiyaga o‘xshab qolyaptimi?..

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid