O‘zbekiston | 18:52 / 13.01.2018
15490
3 daqiqa o‘qiladi

Tovarlar faqat bir marotaba bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi

Foto: RIA "Novosti"

Joriy yilning 8 yanvar kuni Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati tomonidan barcha hududiy bojxona boshqarmalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis a'zolariga Murojaatnomasidan kelib chiqib, tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi.

Davlat Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, tizim faoliyatida jiddiy e'tirozlarga sabab bo‘lgan bojxona ko‘rigi jarayonini butunlay isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar boshlab yuborildi. Endilikda respublikaga olib kelinayotgan va undan olib chiqilayotgan tovarlar faqat dastlabki bojxona rejimiga rasmiylashtirish vaqtida bir marotaba bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.

«​Tan olish kerak, avvallari respublikaga olib kelinayotgan va undan olib chiqilayotgan tovarlar har bir bojxona rejimida alohida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilar edi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlarning vaqtini olib, ortiqcha xarajat qilishga olib kelar, hujjatbozlik va ovoragarchiliklarni keltirib chiqarar edi»​, deyiladi xabar matnida.

Ma'lum qilinishicha, kelgusida bu yo‘nalishdagi ishlar innovatsion g‘oyalar asosida yanada takomillashtiriladi. Bunda ilgari surilgan takliflar ichida xavf-xatardan ogoh etish tizimi bojxona ko‘rigi samaradorligini oshishirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda tizimni ishlab chiqish ustida ishlar boshlangan bo‘lib, unga binoan kelgusida tovarlar bojxona ko‘riklari ushbu tizim asosida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Ya'ni tadbirkorlik sub'yektlari uchun bojxona ko‘rigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi, ya'ni tadbirkorlar qanchalik halol ekaniga qarab, ularning yuklari «yashil» va «qizil» yo‘laklar orqali o‘tkaziladi.

Sodda qilib aytganda, ushbu tizim halol tadbirkorlik sub'yektlariga bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan o‘tkazish, aksincha belgilangan bojxona qoidalarini buzgan tadbirkorlik sub'yektlarini esa to‘g‘ri yo‘lga boshlashga xizmat qiladi. Pirovardida, ham davlat resurslarini, ham tadbirkorlarning vaqtini tejash imkoni yuzaga keladi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid