Jahon | 10:46 / 17.01.2018
6046
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh bilan 7,5 mlrd dollarlik 20dan ko‘proq shartnoma tuziladi – Nazarboyev  

Foto: akorda.kz

Hozirda AQShda bo‘lib turgan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan uchrashuv natijalariga ko‘ra OAV vakillari uchun brifing o‘tkazdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati ma'lum qildi. 

Brifingda Nazarboyev Vashingtonga tashrif buyurish taklifi uchun Trampga minnatdorlik bildirdi. Nazarboyev bo‘lib o‘tgan muzokaralarning natijalarini ijobiy baholab, Qozog‘iston va AQShning o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.   

“Men aminmanki, Qozog‘iston-AQSh munosabatlarini strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarish tashrifim natijasi bo‘ladi. Shu sababli biz bugun Ostona va Vashington munosabatlarining yangi davriga start beruvchi qo‘shma siyosiy bayonot qabul qildik”, deb aytgan Qozog‘iston prezidenti.  

Nazarboyev AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan “5+1” formatda hamkorlikni   mustahkamlashiga manfaatdorlik bildirdi. Nazarboyev Ostona va Vashingtonning xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va zamonaviy sinov hamda tahdidlarni birgalikda yengish ishidagi samarali hamkorligini ta'kidlab o‘tdi. 

Nazarboyev ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. “AQShning yirik neft kompaniyalari tomonidan Qozog‘istonga 50 mlrd dollarlik investitsiya kiritilgan. Bugun biz AQSh yirik biznesining vakillari bilan davra suhbatida ishtirok etamiz va unda 7,5 mlrd dollardan ko‘proq qiymatdagi 20 dan ko‘proq shartnoma tuziladi. Bizda AQSh fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilingan va biz AQSh tomondan ham bunga monand javob bo‘lishini kutib qolamiz”, deb aytgan Nazarboyev.

Nazarboyev so‘zlari intihosida AQShning Tramp boshchiligida sezilarli iqtisodiy taraqqiyotga erishganini yuqori baholadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid