12:52 / 18.01.2018
13485

Qozog‘iston 47 kompaniyani sotib yubormoqchi, ular orasida «Eyr Astana», «KazMunayGaz» ham bor

Foto: Wikipedia

2018 yilda Qozog‘istonning 47 kompaniyasi sotib yuborilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yil boshidan beri respublika Milliy jamg‘armasiga xususiylashtirish jarayonidan 7,4 mlrd tenge (22,6 mln dollar) kelib tushgan, bu asosan respublika mulkidagi obektlarning xususiylashtirilishidan kelgan mablag‘lar.

«Milliy kompaniyalar obektlarining sotuvidan tushgan mablag‘lar hozircha yo‘q, sababi davlat sektoridagi sotuvlardan mablag‘larni o‘tkazish qoidasi ishlab chiqilmoqda. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan sotilayotgan narsalar mahalliy byudjyetga kelib tushmoqda va byudjyet kodeksiga muvofiq sarflanadi», - deya aytib o‘tgan amaldor.

Uning ta'kidlashicha, investorlar «Samruk Kazina» fondining 47ta yirik aktivi: «Kazaxstan Temir Joli», «KazMunayGaz», «Kazatomprom», «Samruk Energo», «Eyr Astana», «Kazpochta», «Tolkin Samruk» bo‘yicha qiziqmoqda.

«Bundan kelib tushishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar hajmi 3,5 – 5,5 mlrd dollarga teng bo‘ladi. Ya'ni, ancha katta summa. Biz neftgaz sohasida 10 kompaniya, temir yo‘lida – 1, atomda – 4 kompaniya, energetikada – 8, fuqarolik aviatsiyasida, «Eyr Astana»dan tashqari, ya'ni 4 kompaniya, mudofaada – 4, hamda boshqa sohalarda yana 5 kompaniya xususiylashtirilishini kutmoqdamiz», - deya xabar berdi S.Jumangarin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aktivlar sotuvga xorijiy maslahatchilarni jalb etgan holda tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid
Top