Fan-texnika | 09:50 / 18.01.2018
8454
2 daqiqa o‘qiladi

Nemis dizayneri yig‘iluvchi g‘ildirak ixtiro qildi (video)

Foto : Revolve-Wheel

Nemis dizayneri Andrea Mochellin velosiped uchun yig‘iluvchi g‘ildirak ixtiro qildi. Bu antiqa g‘ildirak kelgusida velosiped va boshqa individual transport vositalari sanoatiga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin, deb yozmoqda New Atlas.

Dizaynerning “ijod mahsuli” Revolve deb ataladi va diametri 66 sm bo‘lgan, spitsalar bilan o‘zaro birlashgan 6 ta bo‘g‘indan iborat g‘ildirak kabidir. G‘ildirak osongina eni 22 sm.lik ixcham konstruksiyaga aylanadi, u yoyilgan ko‘rinishidagidan 60 foiz kamroq joy oladi.

Mochellinning aytishicha, unga bunday g‘ildirakni yaratish g‘oyasi yig‘iluvchi velosipedlar ishlab chiqaruvchilar bunday velosipedlarni tashish uchun ularni qulay bo‘lgan kichikroq diametrdagi g‘ildiraklar bilan jihozlashlariga to‘g‘ri kelishi sababli paydo bo‘lgan. Biroq bunday velosipedlarning konstruksiyasi va qulayligi savol tug‘diradi.

Dizayner o‘z g‘oyasini ro‘yobga chiqarish uchun yuzlab 3D-modellar va o‘nlab prototiplarni yaratdi va bunga 3 yil sarfladi. Mochellinning ta'kidlashicha, bu g‘ildirakni nafaqat velosipedlarda, balki nogironlar aravachasida ham qo‘llash mumkin. Kelgusida bu g‘ildirak konstruksiyasi boshqa transport vositalarini yaratish uchun ham qo‘llanishi mumkin.

Dizaynerning aytishicha, g‘ildirakning yig‘iluvchi konstruksiyasi u bilan jihozlangan velosipedni istalgan sirtlar bo‘ylab haydashda qulayligiga ta'sir qilmaydi. Ayni vaqtda Mochellin o‘z loyihasini tijoratlashtirish uchun sarmoyachilar izlamoqda.