20:40 / 24.01.2018
78445

Superliga - 2018 ishtirokchilari ma'lum bo‘ldi

Foto: The UFF.com

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Superligasining 2018 yilgi mavsumdagi ishtirokchilari nomi ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan Superligada ishtirok etuvchi futbol klublari oldiga litsenziyalash bo‘yicha ma'lum talablar qo‘yilgan edi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston futbol federatsiyasi hamda PFL tomonidan mazkur talablarning bajarilish holatini o‘rganish yuzasidan ishchi guruh tashkil etilib, 2017 yilning noyabr oyi oxiridan boshlab bugungi kungacha futbol klublari hamda uning infratuzilmasi o‘rnatilgan tartibda 3 marta o‘rganildi va tekshiruvdan o‘tdi. 

Tekshiruv jarayonida asosiy e'tibor futbol klublarining stadionlari holati, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar, ayollar va mini-futbol jamoalarining infratuzilmasi, futbol bazalaridagi umumiy holatga qaratildi.

Takroriy o‘rganishlar jarayonida Quvaysoyning «Tsementchi» hamda Muborakning «Mash'al» klublari tomonidan Superligada ishtirok etuvchi futbol klublari oldiga qo‘yilgan talablar to‘liq bajarilmagani, mavjud muammo va kamchiliklar bartaraf etilmagani aniqlandi. 

«Tsementchi» futbol klubining o‘quv mashg‘ulot bazasi, yotoqxonasi ta'mirtalab ekani, shuningdek, futbol klubi o‘zining maktabiga ega emasligi, futbol klubining ayollar jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadion yangi mavsumga tayyor emasligi aniqlandi.

Shuningdek, «Mash'al» futbol klubining stadioni ham yangi mavsumga umuman tayyor emasligi, futbol klubining o‘quv-mashg‘ulotlar bazasi umuman talabga javob bermasligi, futbol klubi mini futbol jamoasi infratuzilmasi yangi mavsumga tayyor emasligi, futbol klubining ayollar jamoasi uchun hududda umuman sharoit mavjud emasligi, futbol klubining futbol maktabi achinarli ahvoldaligi ma'lum bo‘ldi. 

Ularning o‘rniga, garchi chempionatni quyi pog‘onada yakunlagan bo‘lsa ham, litsenziyalash bo‘yicha talablarga javob beradigan Farg‘onaning «Neftchi» hamda Jizzaxning «So‘g‘diyona» klublari Superliga-2018 ishtirokchilari qatoriga qo‘shildi. Mazkur futbol klublarining Superligada ishtirok etish uchun belgilangan talablarni yetarlicha bajarganligi inobatga olindi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ishchi guruhi a'zolarining yakuniy xulosasi asosida O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ijro Qo‘mitasi Byurosining 24 yanvardagi 4-sonli Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2018 yilgi mavsumda Superligada ishtirok etuvchi futbol klublari qo‘yidagi tarkibda tasdiqlandi: 

1. «Lokomotiv»
2. «Nasaf»
3. «Bunyodkor»
4. «Paxtakor»
5. «Navbahor»
6. «Buxoro»
7. «Qo‘qon-1912»
8. «Olmaliq»
9. «Metallurg»
10. «Qizilqum»
11. «So‘g‘diyona»
12. «Neftchi»

Mavzuga oid
Top