Jamiyat | 13:22 / 24.01.2018
30565
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bozorlarida saraton keltirib chiqaruvchi bolalar o‘yinchoqlari sotilayotgani aniqlandi 

”O‘zstandart” agentligi poytaxt bozorlarida saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi bolalar o‘yinchoqlari sotilayotganligini aniqladi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zbekiston Iste'molchilar Huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi” bilan hamkorlikda Toshkent shahrida joylashgan “O‘rikzor” bozorida sotilayotgan bolalar o‘yinchoqlarini belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash maqsadida, quyidagi bolalar o‘yinchoqlarining xaridi amalga oshirilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlar Vazirlar Mahkamasining “Sertifikatlashtirish tartibotlari va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining 1-ilovasida keltirilgan majburiy sertifiktlanadigan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsada, mahsulotlarning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati va sanitar-epidemologik xulosalarisiz sotilayotganligi aniqlandi.

Afsuski, xarid qilingan bolalar uchun o‘yinchoqlar me'yoriy hujjatlar talabiga nomuvofiq, deb topildi.

Me'yoriy hujjat GOST 25779-90 “O‘yinchoqlar. Umumiy xavfsizlik talablari va sinov usullari”ning talabi bo‘yicha o‘yinchoqlarda burmalar va yoriqlar bo‘lmasligi kerak.

Respublika SSM DK qoshidagi sinov majmuasining sinov natijalariga ko‘ra, barcha o‘yinchoqlarda burma va yoriqlar mavjudligi aniqlandi.

Yuqorida aniqlangan burma va yoriqlar bolalarning qo‘l terisi va tana qismlarining shikastlanishiga olib keladi.

Me'yoriy hujjat SanPiN 0287-10 “Bolalar sog‘ligi uchun o‘yinchoqlar xavfsizligiga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari.” bo‘yicha formaldegid miqdori 0,003 mg/m3 bo‘lishi kerak, ammo O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot sanitariya birlashmasi sanitariya-epidemiologiya stansiyasi qoshidagi akkreditatlangan sinov laboratoriyasining sinov natijalariga ko‘ra yuqoridagi o‘yinchoqlarda 0,031 mg/m3, ya'ni me'yoriy hujjat ko‘rsatkichidan bolalar o‘yinchoqlari o‘n baravar yuqoriligi aniqlandi.

Umumjahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotiga qarashli Saraton kasalligini o‘rganish agentligining xabariga ko‘ra formaldegid inson organizmida saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi asosiy omil hisoblanadi.

Ayniqsa bolalar organizmi har xil zaharlar bilan kurashish uchun zaif bo‘lganligi uchun formaldegid bola tanasida to‘planganda yo‘talish, gijjalar, bronxial astma kabi kasallikni jadal rivojlanishiga olib keladi. Bundan tashqari, rang o‘zgarishi, toliqish, nafas qisish, bosh og‘rig‘i, uyqusizlik va hattoki ongining zaiflashishigacha olib keladi. Bularning barchasi organizmda formaldegid to‘planishi natijasida yuzaga keladi.

Agentlik iste'molchilarga tavsiyalar ham berdi.

Ota-onalar tomonidan bolalarga o‘yinchoq xarid qilish jarayonida ogoh bo‘lishlari va o‘yinchoqni xarid qilishdan oldin, foydalanish tavsiyanomasini va undagi ogohlantiruvchi yozuvlarni o‘rganib chiqishlari tavsiya etiladi. Eng muhim omillardan biri bu bolaning yoshini inobatga olishdir, chunki mayda qismlardan tashkil topgan o‘yinchoqlar bola organizmiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu yo‘sinda bolalar o‘yinchoqlarini tanlashda quyidagilarga e'tibor qaratish lozim:

-O‘yinchoqni buzilmagan qadoqda bo‘lishi;
- Qadoq yorlig‘idagi ma'lumotlar davlat tilida, foydalanish tavsiyalari ko‘rsatilgan holda, qanday xom ashyolardan tayyorlanganligi (plastmass, rezina, yog‘och va x.k) va majburiy tarzda ishlab chiqaruvchi to‘g‘risida ma'lumotlar bo‘lishi shart.
- O‘yinchoqlardagi kuchli hid va bo‘yoqlarni qo‘lga yuqishi ota-onalarni hushyorlikka chaqirishi lozim. Bu holatda ishlab chiqaruvchilar tomonidan xavfsiz bo‘lmagan bo‘yoqlar ishlatilgan bo‘lishi va texnologik jarayon buzilgan bo‘lishi ham mumkinligini anglatadi. Sifati shubhali o‘yinchoqlar bolalarning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
- Agar siz sifatsiz o‘yinchoq mahsulotlarini xarid qilgan bo‘lsangiz (bo‘yog‘i qo‘lga yuqadigan, kimyoviy hidga ega, yorlig‘i bo‘lmagan yoki yorlig‘ida to‘liq ma'lumot berilmagan, muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan va x.k.) “O‘zstandart” agentligining ishonch telefoniga (1502300) yoki “O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Federatsiyasi”ning ishonch telefoniga (1091) murojaat qilish so‘ralgan.

Mavzuga oid