Sport | 22:00 / 29.01.2018
21580
4 daqiqa o‘qiladi

Futzal terma jamoasi Osiyo chempionatiga kuzatib qo‘yildi. Ularga ham U-23 terma jamoasining yo‘li tilandi

1-12 fevral kunlari Xitoy Taypeyi mamlakatida futzal bo‘yicha 15-bor Osiyo chempionati o‘tkazilishidan xabaringiz bor. Qit'a chempionati barcha mavsumining teng yarmidan ko‘pida sovrinli o‘rinlardan joy olgan O‘zbekiston futzal terma jamoasi bu gal ham yuqori maqsadlar bilan safarga otlanmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida futzal terma jamoamizni nufuzli musobaqaga kuzatish marosimi tashkillashtirildi.

Marosimda  Milliy Olimpiya Qo‘mitasi Prezidenti, O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov, MOQ va O‘FA mas'ullari, Futzal terma jamoasi a'zolari hamda kuni kecha Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatining g‘oliblari – Ravshan Haydarov ustozligidagi bir guruh O‘zbekiston terma jamoasi  futbolchilari ham ishtirok etishdi.

«23 yoshli terma jamoamizning Xitoydagi o‘yinlarini butun xalqimiz qo‘llab-quvvatlab turishdi, ularning olamshumul g‘alabalaridan esa butun O‘zbekiston xalqi faxrlanyapti, g‘ururlanyapti. Futbolchilarimizni kuzatish chog‘ida ulardan faqat chempionlikni tilab qolgandik. Mana, ular ishonchlarimizni oqlashdi, yuzimizni yorug‘ qilishdi. Muvaffaqiyatlarimiz muhtaram Prezidentimizni ham xursand qildi. G‘alabalarimizga hissa qo‘shgan murabbiy va futbolchilar O‘zbekiston diyorida munosib kutib olindi, ularni olqishlash uchun ming-minglab yoshlar  ayozli oqshom bo‘lishiga qaramay ko‘chaga chiqdi. Futbolchilarimiz shu oqshomning o‘zida Prezidentimizning maxsus sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Ularni mukofotlash ishlari hali yana davom etadi. Siz futzalchilardan ham xuddi shunday matonat, jasorat, shijoat kutib qolamiz.

23 yoshlilarning natijasini takrorlashingizni istaymiz,  bunga ishonamiz ham. Endi ular bizni 1-o‘ringa o‘rgatib qo‘yishdi. Sizlar ham shu natijani qayd etishingiz kerak bo‘ladi. Yoshlarimiz Yaponiya termasini yirik hisobda mag‘lub etishdi, sizlar ham buning uddasidan chiqa olasizlar. Hech kimdan kam emasliklaringizni isbotlashingiz zarur. Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi har qanday muammolaringizni yechishga tayyor, Sizlardan faqat mazmunli o‘yin va kutilgan natijani qayd etish. O‘zbekiston xalqi nishonlayotgan bayram kayfiyatini davom ettirishga munosib hissa qo‘shishingizni istaymiz. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev sizlardan ham yuksak zafarlab kutyapti, shuni barchamiz birdek his qilaylik. Sizlarga oq yo‘l tilayman. Oy borib, zafarlar bilan qaytinglar», - deya gapirib o‘tdi Ahmadjonov.

Futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov, terma jamoa sardori Artur Yunusov yigitlar nomidan so‘z olishib, qit'a chempionatiga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rishga yetarli sharoit yaratib berganligi uchun O‘FFga, uning rahbarlariga minnatdorlik bildirishib, ishonchni oqlashga, yoshlar termasi muvaffaqiyatini takrorlashga harakat qilishlarini ta'kidlashdi.

U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov esa Xitoyda erishilgan g‘alabalarda yordam bergan Umidjon Ahmadjonovga Osiyo chempionati oltin medalini, Javohir Siddiqov esa chempion futbolchilar imzolari tushirilgan to‘pni, Rustam Ashurmatov esa maxsus esdalik sovg‘asini taqdim etishdi.

Mavzuga oid