01:21 / 30.01.2018
45512

Minus 27 daraja va Issiqlik markazidagi avariya. Bishkek muzlamoqda

Bishkek muzlamoqda. Sinoptiklar tomonidan anomal deb baholangan ayozda bishkekliklar xonadoniga issiqlik uzatib turgan shahardagi yagona issiqlik elektr markazi (IEM) vazifasini uddalay olmay qoldi. Ba'zi xonadonlarning ichidagi harorat 9-11 daraja iliqdan ko‘tarilmayapti. Uchinchi sutkadirki, mas'ullar avariya oqibatlarini bataraf etishning uddasidan chiqisholmayapti.

«Ochiq Osiyo onlayn» o‘zining Qirg‘izistondagi hamkori — Kaktus.media tahririyati bilan hodisalar xoronologiyasini tiklab, sovuqqotayotgan shaharliklar va mas'ul amaldorlar bilan gaplashgan.

Nimalar bo‘layapti?

27 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 18.00 da «Elektr stansiyalari» OAJ matbuot kotibi Tagjan Aydaraliyev Bishkek IEMda suv uzatishda nosozlik yuzaga kelganligi tufayli kuchlanish 340 MVtdan 154 MVtgacha tushirilganini e'lon qildi. Bu nima deganini oddiy bishkekliklar unchalik tushunishgani yo‘q. Ularni faqat «Uylarga issiqlik qachon qaytadi?» degan savol qiziqtirardi. Ularga ana-mana deguncha, deb javob berishdi, odamlar tinchlanib, hazil-huzul qilib tarqalishdi.

Biroq shanba kuni ertalab ham vaziyat o‘nglanmadi. Soat 12:00ga kelib shaharliklarga Bishkek hokimi Albek Ibragimov murojaat qilib, ortiqcha elektr uskunalarni qo‘shmaslikni so‘radi. U issiqlik 6-7 soatda qaytishini va'da qildi.

Soat 14:30 da IEM direktori Nurlan O‘murqul o‘g‘li Bishkek IEMda avariya ro‘y bermaganini aytib o‘tdi. U kimyo sexida shtatdan tashqari vaziyat yuz berganini ta'kidlab, muammo 22:00 gacha bartaraf etilishini va'da qildi. Bu qanday shtatdan tashqari vaziyat ekanligini u oddiy iste'molchi tushunadigan qilib ta'riflay olmadi. Biroq modernizatsiya tufayli jiddiy avariyaning oldi olinganini aytib o‘tdi.

http://theopenasia.net

1958 yilda ishga tushirilgan, qator yillar modernizatsiya qilib kelingan IEMda nima yuz berganini shaharliklar hozircha bilishmaydi. Shahar osmonida smogning ko‘payganligini ular yangi uskunalarning ishga tushirilishi bilan bog‘liq, deb o‘ylashdi.

Shanba kuni mulozimlar kechgacha issiqlik uzatilishini va'da qilishdi. Yakshanba kuni ular butunlay aloqaga chiqmay qo‘yishdi. Milliy energiya xoldingi rahbari Oybek Kaliyev qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi, «Bishkekteploset» direktori Erkin Abdixaliqov izohlashdan o‘zini tortdi va vaziyat bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lmagan matbuot kotibiga ro‘para qildi.

Na bosh vazir Sapar Isakov, na bosh vazir o‘rinbosari Asqarbek Shodiyev, na Oybek Kaliyev, Bishkek hokimi Albek Ibraimov aslida nima yuz bergani, bunday favqulodda holatning oldini olish mumkin bo‘lgan-bo‘lmagani, issiqlik qachon uzatilishi va kim javobgar bo‘lishi haqida gapirib o‘tishdi.

Dushanba kuni ertalabga kelib matbuot kotiblari ham savollardan o‘zlarini olib qocha boshlashdi. Kaktus.media tahririyati jurnalisti IEM bosh injyeneri Nurg‘azi Qurmanbekovga qo‘ng‘iroq qilib, shaharliklar uyida issiqlik qachon paydo bo‘lishini aniqlashga urinib ko‘rdi. O‘zining ism-familiyasini tasdiqlab go‘shakni ko‘targan Qurmanbekov jurnalistning savolini eshitib olgach, muxbir boshqa yoqqa qo‘ng‘iroq qilayotganini aytib, go‘shakni qo‘ygan.

http://theopenasia.net

Mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekov dushanba, 29 yanvar kuni vaziyat bilan omma oldida chiqish qilgan. U bosh vazir Sapar Isakov bilan uchrashgan. «Strategik obektdagi favqulodda holat chuqur tahlil qilinishi va kelgusida vaziyat takrorlanishining oldi olinishi lozim», — degan davlat rahbari. «Mamlakat poytaxti IEMida sodir bo‘lgan vaziyatni nazorat ostida ushlab turibman. Yaqin soatlarda bishkekliklar xonadoniga issiqlik to‘liq hajmda uzatiladi», — degan prezident Sooronbay Jeenbekov, kasalxonalar, bolalar bog‘chasi, maktab va boshqa ijtimoiy obektlar uzluksiz issiqlik bilan ta'minlanishiga alohida e'tibor qaratish lozimligini qo‘shimcha qilar ekan.

IEM nega ishdan chiqdi?

29 yanvar kuni soat 15:00 da ular nihoyat matbuot anjumani o‘tkazishdi. Lekin vaziyatga oydinlik kiritishni baribir uddalay olishmadi. IEMning sobiq direktori Lev Vasilevgina birmuncha aniqroq javob berdi. Unga vaziyatni sharhlashni so‘rab murojaat qilgan Kaktus.media savollariga javob berar ekan, u shunday dedi: «Mohiyatan olganda, Napoleon va Hitlerni qo‘rqitgan Ayoz bobo bunga aybdor. Faktik harorat tashqi hisobiy haroratdan pasayib ketgan. Bishkek uchun hisobiy tashqi harorat 23 daraja sovuqni tashkil etadi, lekin harorat minus 27 darajagacha tushgan. Bunday qattiq sovuq so‘nggi marta Bishkekda 1986 yilda ro‘y bergan edi, o‘shanda ma'lum bir tumanlarda parametrlar tushirilgan va bir necha soat o‘tib ko‘tarilgan edi.

Hech qanaqa nasoslar ishdan chiqmagan, ular ishlab turgan, lekin gap baribir qahraton sovuqda... Chunki IEM asosan avtomat tizimida ishlaydi, butun ishlab chiqarish siklining avtomatlashtirish darajasi yuqori, tartibga solib turuvchi dastgohlarga kelib ulangan quvurlar juda uzun. Qayerdadir yelvizak bor, qayerdir muzlab qolgan, bo‘ldi — butun dastgoh noto‘g‘ri ishlay boshlagan.

Vaziyat quyidagicha: qayerdadir quvur qisilib qoladi, uni sozlagunlaricha yana boshqa joyi. Boz ustiga, IEMning bosh korpusi juda ulkan, uning bir tomoni uzunasiga oynavand qilingan. Uyingizda ham plastik rom o‘rnatilgan bo‘lsa ham qanday sovuq kirishini ko‘rgansiz. Bu yerda ham shu holat yuz bergan — inshoot ichi sovib ketgan.

Ayni vaqtda IEMda paydo bo‘lgan muammolar mudom bartaraf etib borilmoqda, lekin yangilari ham paydar-pay paydo bo‘lmoqda. Bitta datchikni qizitib sozlashsa, oradan yetti-sakkiz soat o‘tib u yana muzlab qolyapti. Ish ketyapti, lekin juda og‘ir bo‘lmoqda. Men shanba-yakshanba kunlari IEMga bordim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim... Xodimlar jon jahdi bilan ishlashmoqda, qo‘lidan kelgan barchasini qilishmoqda. Mash'alalar bilan, gazli lampalar bilan atrofni isitishmoqda.

Shaharliklar-chi?

Shaharliklar esa ijtimoiy tarmoqlarda uylaridan tushirilgan fotosuratlarni ulashishmoqda. Asosan, derazalarda qotib qolgan muzlar. Uyning ichkarisida!

Bishkekda maktablardan so‘ng davlatning bolalar bog‘chasida ham karantin e'lon qilindi. Shaharliklar muzlamoqda.

Ular issiqlikni qaytarishni va aybdorlarni jazolashni talab qilishmoqda. Hechqursa, issiqlikni qaytarishni.

Mavzuga oid
Top