Jamiyat | 22:20 / 31.01.2018
45046
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi MTMda bolalar haqi urib qolinayotgani aniq bo‘ldi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati

Bolalar bog‘chalaridagi ishlarning haqiqiy holati va ularning faoliyati samaradorligini o‘rganish tadbirlari barcha hududlar bo‘yicha muntazam ravishda Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan amalga oshirilishi yuzasidan xabar berilgan edi. Ammo bu masalani ko‘pchilik jiddiy qabul qilmagan ko‘rinadi, aks holda Samarqand shahridagi bog‘chada quyidagi holat yuzaga kelmas edi.

Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, Samaraqand shahridagi 69-maktabgacha ta'lim muassasasida o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganish hech kimni befarq qoldirmasa kerak.

Joriy yilning 24 yanvar kuni Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Q.Aripov, Samarqand viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i N.Sadinovalar ushbu maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘lishdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma'lum qilmoqda.

O‘rganish ertalab soat 8.05 da boshlanganligi bois, hali tarbiyalanuvchilarning aksariyati bog‘chaga kelib ulgurmagan edi. Vazir o‘rinbosari o‘quv-tarbiyaviy mashg‘ulotlar va guruhlardagi sharoitlar bilan tanishishni keyinroqqa surib,  fursatni boy bermaslik maqsadida, mazkur bolalar bog‘chasi oshxonasiga to‘g‘ri kirib bordi.

Albatta, oshxonaga kiriboq u yerdagi tartibsizlikni ko‘rgan kishining dili xira bo‘lishi tayin. Odatdagidek, o‘rganuvchilarni bog‘cha oshpazi kutib oldi. Mehmonlarni kutmagan oshpaz opamiz, shoshib qoldi shekilli, vazir o‘rinbosarining “Necha tarbiyalanuvchiga tushlik tayyorlayapsiz?”, degan savoliga javob bera olmay dovdirab qoldi. Maktabgacha ta'lim muassasasi xo‘jalik mudiri anchagina tajribasi bor ekan shekilli, ushbu savolga: 297 nafar, deb tezkorlik bilan javob qaytardi.

Shu mahal, endigina qaynay-qaynay deb turgan katta qozon hamda go‘sht mahsulotlari uchun mo‘ljallangan stol ustidagi tog‘oraga solingan go‘sht vazir o‘rinbosarining e'tiborini tortdi.

Me'yor bo‘yicha bir bolaga 100 gramm go‘sht mahsuloti ishlatilishi lozimligini inobatga olsak, bugungi tayyorlanayotgan tushlikka 29,7 kg go‘sht mahsuloti ishlatilishi kerak, albatta. Shu me'yorlarga rioya etilayotganligiga amin bo‘lish maqsadida vazir o‘rinbosari boshchiligidagi guruh a'zolari qozondagi go‘sht mahsulotining vaznini o‘lchab ko‘rishdi. Afsuski, qozonga solingan haqiqiy go‘sht miqdori 3,7 kg.ni tashkil qildi. Tog‘oraga solingan xom go‘sht mahsulotining og‘irligi 7.7 kg.ni, pishayotgan va xom go‘shtni qo‘shib hisoblaganda, esa jami 11,4 kilogrammni tashkil qildi. Ana xolos, oddiy matematik hisob-kitobdan ham ma'lumki, tushlikka ishlatilgan go‘sht miqdori belgilangan me'yordagidan 17,6 kg.ga kam ekanligini bog‘cha ma'muriyati qanday izohlaydi? Oshpaz va xo‘jalik mudiri oshxonadagi muzlatgichdan bir tog‘orachada oylar davomida muzlatilgan suyaklarni (chamasi 3-4 kg) shosha-pisha ko‘rsatishdi. Aslida bu suyaklardan anchagina ilgari pishgan go‘shtlar ajratib olinganligi yaqqol ko‘rinib turibdi.  

Oshxona yonginasida joylashgan omborxonada ham ahvol ko‘ngildagidek emas, aksariyat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari noto‘g‘ri saqlanayotganligi aniqlandi.

 

MTM ning tarbiyalanuvchilari bog‘chaga kelganliklariga amin bo‘lgan vazir o‘rinbosari guruhlarda ham o‘rganish o‘tkazdi. Guruh xonalari, yuvinish xonalari, yotoqlardagi antisanitariya holatlarini hech qanday bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bog‘chadagi haqiqiy ahvolning bu holatga kelib qolishiga maktabgacha ta'lim muassasasining barcha mas'ullari birdek aybdor. Aks holda, bir necha ogohlantirishlarga qaramay to‘g‘ri hulosa chiqarilganida edi, nisbatan ahvol yaxshiroq bo‘larmidi.  “So‘nggi pushaymon o‘zinga dushman”, deganlaridek, endi Samarqand shahridagi 69-maktabgacha ta'limi muassasasi mudirasi Rayhon Ne'matova, xo‘jalik mudiri Avaz Gafarov hamda oshpaz Kibriyo Xamdamovalar o‘zlaridan xafa bo‘lishlari mumkin. Sababi, joriy yilning 24 yanvar kunining o‘zidayoq ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Mavzuga oid