Jahon | 08:30 / 01.02.2018
4396
2 daqiqa o‘qiladi

Falcon 9 raketasi Lyuksemburgning sun'iy yo‘ldoshi bilan uchirildi

Foto: Joe Skipper/Reuters

Falcon 9 raketasi Lyuksemburgning GovSat-1 sun'iy yo‘ldoshi bilan Floridadan uchirildi.  

Raketa Toshkent vaqti bilan 1 fevral soat 02.25da Kanaveral burnidagi kosmodromdan uchirilgan. U ikki maqsadli GovSat-1 sun'iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqadi. Raketa bir kun avval uchirilishi kerak bo‘lgan, biroq ikkinchi pog‘onasidagi datchikni almashtirish zarurati sababli qoldirilgan.

Raketaning birinchi pog‘onasi qayta ishlatilgan bo‘lib, u o‘tgan yil may oyidagi parvozdan keyin saqlab qolingandi. SpaceX uchun bu parvoz ishlatilgan birinchi pog‘ona bilan amalga oshirilayotgan 6-parvozdir. Joriy parvozdan keyin birinchi pog‘onani qaytarish ko‘zda tutilmagan. 

Lyuksemburgning SES kompaniyasiga tegishli sun'iy yo‘ldosh ham mudofaa, ham fuqarolik maqsadlari, jumladan mobil va statsionar aloqa uchun mo‘ljallangan. Sun'iy yo‘ldosh uni o‘chirishga urinishlardan kuchaytirilgan himoya funksiyalari bilan ta'minlangan, u telemetriyani shifrlangan ko‘rinishda uzatishi va harbiy chastotalardan foydalana olishi mumkin.  

SES’da ma'lum qilinishicha, qurilma Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika hududlarini qoplay oladi hamda Atlantika va Hind okeanlari ustida kemalar signallari uzatilishini ta'minlaydi.  

Falcon 9 parvozi 8 yanvardagi parvozdan keyin birinchisi bo‘ldi. O‘shanda raketa AQShning Zuma maxfiy sun'iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqishi kerak edi, biroq missiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan va sun'iy yo‘ldosh yo‘qotilgan.

Mavzuga oid