O‘zbekiston | 18:27 / 05.02.2018
12835
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zstandart”ning Samarqand markazi mutaxassislari eksportyorlarni xalqaro ISO standartlari bo‘yicha o‘qitmoqda

Foto: O‘zstandart

“Samarqand sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi tomonidan joriy yilning 05-06 fevral kunlari viloyatning Urgut tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 apreldagi PQ 2935–sonli, hamda 2017 yil 07 avgustdagi PQ 3175–sonli qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida “Urgut Erkin Iqtisodiy Zonasi”da faoliyat yuritayotgan eksport qiluvchi va xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari uchun “Zamonaviy xalqaro munosabatlar, ISO 9001:2015 “Sifat menejmenti tizimlari”, ISO 22000 “Oziq ovqat xavfsizligi”, ISO 50001 “Energomenedjment”, ISO 14001 “Ekologik menedjment” xamda “Audit orqali ishlab chiqarishning yuksalishi” mavzularida seminar trening o‘tkazilmoqda.

Ma'lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga xorijiy investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri faol jalb qilish, xususiylashtirilgan obektlar bazasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, viloyat, tuman va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ko‘plab vazifalar belgilangan.

Bu borada, mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 26 oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ushbu zonalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratildi. 

Foto: O‘zstandart

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon”, “Xozarasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi PF-4931-sonli farmoniga asosan Samarqand viloyatining Urgut tumanida erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

Ta'kidlash joizki, mazkur yangi tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarda meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, gilam to‘qish, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari va boshqa yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi. Erkin iqtisodiy zonalar hududlarda ishlab chiqarish hamda resurs salohiyatlaridan kompleks va samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlarini ochish natijasida aholining barqaror daromadi hamda turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Prezident farmonida yangi tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish va ularning qarorlarini xalqaro darajada e'tirof etilishini ta'minlash chora-tadbirlari ko‘rish vazifasi belgilab berilgan.

Ushbu farmonda belgilangan vazifa ijrosini ta'minlash maqsadida 2017 yil aprel oyida “O‘zstandart” agentligi “Samarqand sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasining Samarqand viloyat Urgut tumanida mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi. Mazkur ilmiy markaz tomonidan bugungi kunda Urgut erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga standartlashtirish, sertifikatlashtirish va xalqaro standartlarga muvofiq sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish sohalarida yaqindan amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Foto: O‘zstandart

Ayniqsa, mahsulot eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun ISO xalqaro standartlarini mazmun mohiyatini tushuntirish yuzasidan bepul o‘quv kursalari tashkil etilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘tgan 2017 yil davomida 28ta korxonalarga xalqaro va milliy tarzida ISO 9001 standarti bo‘yicha sifat menejmenti tizimlari sertifikatlashtirildi (shundan: 8 tasi xalqaro darajada). 12 ta eksportyor korxonalarga ISO 9001, ISO 22000, ISO 50001 standartlari bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etilib, tegishli sertifikatlar rasmiylashtirib berildi.

Bir so‘z bilan aytganda - bu yerda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub'yektlariga turli imtiyoz va qulayliklar taqdim etilishi xususiy sektor vakillariga o‘z tashabbus hamda loyihalarini ikkilanmasdan, qat'iyat bilan ro‘yobga chiqarib, biznesini rivojlantirishda hal qiluvchi omil bo‘lishi muqarrardir. 

Mavzuga oid