Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni O‘zbekistonga taklif qildi
Bugun, 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi samarali tashrif ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli o‘zbek-turk hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ushbu tarixiy tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo‘shma loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur kelishuvlarni hayotga to‘liq va muddatida tatbiq etish, muhim loyihalarni jadallashtirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida muntazam ravishda muloqotlar olib borilishi va uchrashuvlar o‘tkazilishi yuzasidan kelishib olindi.
Shu o‘rinda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonda Turkiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilinganini yuqori baholab, davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorligini bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti mazkur qaror oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi ekanini alohida qayd etdi. Bunday qarorning qabul qilinishi savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi va eng asosiysi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, turk fuqarolarining O‘zbekistonga tashrif buyurishlari uchun keng yo‘l ochib berishi ta'kidlandi.
Suhbat davomida xalqaro va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta'minlash maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha xalqaro konferensiyaga Turkiya Respublikasi delegatsiyasini taklif etdi.
O‘z navbatida, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ushbu tashabbusni yuksak baholab, uni amalga oshirishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi hamda mazkur tadbirda Turkiyadan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishini bildirdi.
Muloqot so‘ngida ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari hamda an'anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqlashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga taklif etdi.
Mavzuga oid
18:33 / 05.02.2024
Prezident Parij-2024 o‘yinlaridagi natijalar tarixdagi eng yaxshisi bo‘lishi uchun zarur choralar ko‘rishni buyurdi
18:30 / 05.02.2024
Dorilar bepul ajratilsa-da, bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olmoqda - prezident
18:13 / 05.02.2024
Har bir ona va bola o‘limi favqulodda holat sifatida baholanadi - prezident
14:13 / 05.02.2024