Jamiyat | 13:17 / 09.02.2018
14263
12 daqiqa o‘qiladi

Soliq ta'tillari qanday beriladi?

Foto: Socialworker

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi joylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining 54-moddasi 30.12.2017 yildagi O‘RQ-455-son Qonun tahririda yangicha bayon etilgan. Unda soliq to‘lovchilarga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ma'lum bir muddat davomida to‘lashni kechiktirish yoki qismlarga bo‘lgan holda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etiladi.

Norma.uz’ning yozishicha, to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash soliq ta'tillari tarzida yoxud soliq qarzini to‘lash muddatini keyinroq muddatga ko‘chirish tarzida beriladi.

Ilgari soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida «soliq ta'tillari» tushunchasi yo‘q edi – bunda soliq to‘lovchi soliq majburiyatini bajarish muddatini o‘zgartirish hisobiga to‘lashi lozim bo‘lgan soliq to‘lovlarini muayyan muddat davomida kamaytirish va keyinchalik to‘lab berish huquqiga ega bo‘ladi. 

Ta'tillar quyidagilarga berilishi mumkin:

•          vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan insofli soliq to‘lovchilarga – 24 oygacha bo‘lgan muddatga;

•          yangi tashkil etilgan korxonalar – YaST to‘lovchilarga (savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari bundan mustasno) – davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan e'tiboran 1 yilgacha bo‘lgan muddatga.

«Insofli» maqomi oxirgi 2 yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib kelgan soliq to‘lovchilarga beriladi.

Insofli soliq to‘lovchilarga soliq ta'tillari, shuningdek soliq qarzini to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash Hukumat yoki u vakolat bergan organ tomonidan beriladi. YaST to‘lovchilarga ta'tillar esa – soliq hisobiga olingan joydagi soliq inspeksiyasi tomonidan beriladi.

Loyiha bilan nimalar tartibga solinadi?

Tasdiqlash uchun kiritilgan Nizom bilan soliq ta'tillarini, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqini berish tartibi va mexanizmini belgilash nazarda tutilgan.

U soliq ta'tillari davrida soliq hisobotini taqdim etish, kechiktirilgan soliqlar va majburiy to‘lovlarni byudjyetga to‘lash tartibini ham belgilaydi.

Shuni qayd etib o‘tamizki, Nizom faqat insofli soliq to‘lovchilarga nisbatan qo‘llanadi. U yangi tashkil etilgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Umumiy shartlar qanday?

Soliq ta'tillari vakolatli organning qarori asosida beriladi.

Ta'tillar tegishli qaror qabul qilingan kundan e'tiboran 24 oygacha bo‘lgan muddatga berilishi mumkin.

Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga faqat yuridik shaxslar ega bo‘lishi mumkin. Jismoniy shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarga bunday huquq berilmagan.

Soliq kodeksining 23-moddasida nazarda tutilgan soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq ta'tillari berilishi mumkin.

Bunda u bojxona to‘lovlarini va davlat bojini to‘lashga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ushbu to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va asoslarda amalga oshiriladi.

Soliq ta'tillarini kim beradi?

Kechiktirilayotgan soliqlarning umumiy summasiga qarab, soliq ta'tillari quyidagilar tomonidan berilishi mumkin:

•          EKIHning 100 baravarigacha – tuman (shahar) hokimligi tomonidan;

•          EKIHning 100 baravaridan 1 000 baravarigacha – viloyat hokimligi tomonidan;

•          EKIHning 1 000 baravaridan yuqori bo‘lganda – Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan.

Davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq ta'tillari Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi hamda byudjyetdan tashqari Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi bilan kelishilgan holda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan beriladi.

To‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqini kim beradi?

Miqdoridan qat'i nazar, soliq qarzini to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan:

•          soliqlar bo‘yicha – Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda;

•          davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar bo‘yicha – Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi hamda byudjyetdan tashqari Ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi bilan kelishilgan holda beriladi.

To‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash soliq qarzining jamiga yoki bir qismiga nisbatan berilishi mumkin.

To‘lashni kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lashning amal qilish davrida kechiktirilgan soliq qarzi summasiga penya hisoblanmaydi.

Soliq ta'tillarini qanday olish mumkin?

Buning uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yekt (yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor) soliq hisobiga olingan joydagi DSIga belgilangan shaklda ariza taqdim etishi kerak.

Arizada soliq to‘lovchi soliq ta'tillari davri va qanday soliq turi bo‘yicha so‘ralayotganini ko‘rsatadi.

Ariza hisobot choragi boshlanishidan kamida 15 kun oldin beriladi.

DSI ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni davomida ariza beruvchi «insofli soliq to‘lovchi» maqomiga muvofiq kelishini tekshiradi va soliq ta'tillari summasidan kelib chiqib, tegishli organga xulosa taqdim etadi.

Vakolatli organ 10 kun ichida soliq ta'tili berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Qabul qilingan qaror to‘g‘risida soliq to‘lovchi 3 ish kunida yozma yoki uning shaxsiy kabinetiga yuborish yo‘li bilan elektron shaklda xabardor etiladi.

Qanday hollarda soliq ta'tillarini berish rad etilishi mumkin?

Quyidagi hollarda soliq ta'tillarini berish rad etilishi mumkin:

•          soliq to‘lovchi insofli hisoblanmasa;

•          ariza belgilangan shaklda taqdim etilmagan yoki belgilangan muddatdan keyin topshirilgan bo‘lsa.

Boshqa sabablar soliq ta'tili berishni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmaydi.

To‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga qanday ega bo‘lish mumkin?

Soliq to‘lovchi to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘lish uchun   soliq qarzi hosil bo‘lgan joydagi DSIga ariza (belgilangan shaklda) taqdim etishi shart. Arizaga soliq to‘lovchining qarzni so‘ndirish jadvali va u qanday manbalar hisobidan so‘ndirilishi ko‘rsatilgan kafolat xati ilova qilinadi.

DSI 3 ish kunida belgilangan shakldagi xulosani tegishli soliq boshqarmasi orqali DSQga yuboradi.

DSQ 10 kun muddatda Moliya vazirligi bilan (majburiy ajratmalar bo‘yicha tegishli maqsadli jamg‘armalar bilan) kelishgan holda to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qabul qilingan qaror to‘g‘risida soliq to‘lovchi 3 ish kunida yozma yoki uning shaxsiy kabinetiga yuborish yo‘li bilan elektron shaklda xabardor etiladi.

Vakolatli organ soliq qarzini so‘ndirishning soliq to‘lovchi ko‘rsatgan muddatlardan farq qiluvchi boshqa muddatlarini belgilashga haqli. Soliq to‘lovchi soliq qarzini ushbu tasdiqlangan muddatlarda so‘ndirishga majbur bo‘ladi.

Soliq ta'tillari davrida soliq hisoboti qanday topshiriladi?

Soliq ta'tillari davrida soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha hisobotlar umumbelgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etiladi.

Ta'til berilgan soliq hisob-kitobida maxsus belgi – «Soliq ta'tili berilgan» qayd etiladi.

Soliq ta'tili davrida soliq hisobotini taqdim etmagan yoki uni o‘z vaqtida taqdim etmagan soliq to‘lovchining rahbari va bosh buxgalteri belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Soliq ta'tillari muddati tugagandan keyin soliqlar qanday to‘lanadi?

Soliq ta'tillari tugagandan keyin ushbu davr uchun muddati kechiktirilgan soliqlarning umumiy summasi 12 oy davomida to‘lanadi. Soliq muddati kechiktirilgan soliqlarning umumiy summasidan 1/12 miqdorida teng ulushlar bilan to‘lanadi.

Ular soliq ta'tillari muddati tugashidan so‘ng boshlanadigan oyning 1-kunidan boshlab, keyingi yil o‘sha oyining 1-kunigacha to‘lanadi.

Bunda soliqlar har bir oyning 25-kuniga qadar to‘lanishi shart.

Masalan, soliq ta'tillari muddati 2020 yil 20 aprelda tugadi. Bu holda to‘lash muddati kechiktirilgan soliqlar va majburiy to‘lovlar 2020 yil 1 maydan boshlab to‘lana boshlaydi. So‘nggi to‘lovni to‘lash muddati – 2021 yilning 25 aprelidan kechiktirilmaydi.

Soliq to‘lovchining xohishiga qarab muddati kechiktirilgan soliqlar summasi muddatidan avval so‘ndirilishi mumkin.

Mazkur Nizom 2018 yil 1 apreldan boshlab kuchga kirishi rejalashtirilmoqda.

Ma'lumot uchun. Hozir byudjyet va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash muddatini kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini berish, penya hisoblashni to‘xtatish, shuningdek penya va jarima sanksiyalarini hisobdan chiqarish tartibi bitta Nizom (AV tomonidan 14.01.2005 yilda 1442-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan tartibga solinadi.

Loyihaga o‘zgartirish, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid