Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NASA Yerdan eng olis masofada olingan suratni namoyish qildi
New Horizons sayyoralararo avtomatik stansiyasi Yerdan 6,12 mlrd kilometr uzoqlikda bo‘la turib, koinot suratini oldi va Voyager-1 koinot qurilmasining rekordini yangiladi. Voyager-1’ning rekordi 6,02 mlrd kilometrni tashkil qilgandi. Bu haqda Phys.org saytida ma'lum qilindi.
New Horizons dastlab “Istaklar qudug‘i” deb nomlanuvchi NGC 3532 yulduzlar to‘plamini suratga olgan. U Yerdan 1300 yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan.

So‘ngra stansiya yana uzoqroq borib, Quyosh tizimining Neptun orbitasi ortida joylashgan Koyper kamaridagi bir nechta obektlarni suratga olgan.
Koyper kamari muz, metan va ammiakdan tashkil topgan kichik jismlar hamda mitti sayyoralardan iborat. Bu mitti sayyoralarga Pluton ham kiradi. Stantsiyadagi Long Range Reconnaissance Imager (LORRI) kamerasi 2012 HZ84 va 2012 HE85 jismlarini suratga olgan.

New Horizons stansiyasi koinotga 2006 yil 19 yanvarda Kanaveral burnidagi kosmodromdan Atlas V raketasi yordamida uchirilgan. Qurilmaning asosiy vazifasi Pluton va uning yo‘ldoshi Xaronni o‘rganish hisoblanadi. Stantsiya 2015 yilda Plutonga deyarli “tegib” o‘tgan: u bilan Plutonni koinot o‘lchamlariga ko‘ra juda kichik masofa – 12,5 ming kmgina ajratib turgan.
Stantsiyaning missiyasi 2020 yil o‘rtalarida yakuniga yetishi kerak.