O‘zbekiston | 19:27 / 15.02.2018
45552
8 daqiqa o‘qiladi

Kvartira sotib olish qanday rasmiylashtiriladi?

Foto: Shutterstock

Oldi-sotdi shartnomasi – turar joy sotib olinishiga doir bitimlarni tasdiqlovchi eng keng tarqalgan hujjat. So‘nggi yilda uni tuzish taomiliga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Uy-joy sotib olish yoki sotishga qaror qilgan bo‘lsangiz, nimalarni bilish kerakligi haqida Norma.uz sharh taqdim etdi.

Qonun bo‘yicha turar joyning oldi-sotdi bitimi qanday rasmiylashtiriladi?

Turar joyning oldi-sotdi shartnomalarini tuzishga doir umumiy masalalar Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi. Quyidagi jihatlarni yodda tutish zarur:

• turar joyning oldi-sotdi shartnomasi yozma shaklda tuziladi, bitimga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi (FKning 479-moddasi); 
• uy, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim (FKning 488-moddasi);
• shartnomada shartnoma bo‘yicha sotib oluvchiga topshirilishi lozim bo‘lgan turar joyni aniq belgilash imkonini beradigan ma'lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi shart, ular bo‘lmasa, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi (FKning 484-moddasi);
• xaridor sotib olganidan keyin qonunga muvofiq uy-joy binosidan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladigan shaxslar (agar bunday shaxslar bo‘lsa) shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak (FKning 488-moddasi); 
• sotuvchi sotib oluvchiga shartnoma shartlariga muvofiq kelmaydigan uy-joy sotganida, sotib oluvchi kamchiliklarni tekinga bartaraf etishni yoki kamchiliklarni bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini, xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni yoki ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega (FKning 434-moddasi).

Tuzamiz, tasdiqlaymiz, ro‘yxatdan o‘tkazamiz

Qaysi uyni sotib olish haqida bir to‘xtamga kelgan bo‘lsangiz, sotuvchi bilan birga notarius huzuriga borishingiz kerak bo‘ladi. Keyinchalik masala Vazirlar Mahkamasining 27.02.2017 yildagi «Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 106-son qaroriga muvofiq hal etiladi.

Yoningizda quyidagi hujjatlar bo‘lishi zarur:

• pasport yoki bitim tomonlarining shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
• ko‘chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda ko‘chmas mulkning kadastr yig‘majildi;
• xususiylashtirilgan ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishda – ko‘chmas mulkni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslarning notarial tasdiqlangan roziligi, shuningdek Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalaridan (Toshkent shahrida – «Toshkent shahrida uy-joyga davlat orderlari va ma'lumotlar berish markazi» DUKdan) olingan xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar to‘g‘risida ma'lumotnoma;
• agar ko‘chmas mulk birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan bo‘lsa – erning (xotinning) notarial tasdiqlangan roziligi;
• agar ko‘chmas mulkning qurilishi tugallanmagan bo‘lsa – mahalliy davlat hokimiyati organining qarori va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma;
• agar ko‘chmas mulk garovga qo‘yilgan bo‘lsa – garovga oluvchining roziligi;
• agar vasiylikdagi (homiylikdagi) shaxs nomidan vasiy (homiy) shartnoma tuzsa – vasiylik va homiylik organining roziligi;
• yuridik shaxslar uchun – yuridik shaxs vakolatli organining qarori (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va h.k.);
• davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Bitim murojaat qilingan kunda notarial tasdiqlanishi mumkin. Notarial idora xodimlari shartnoma tuzishda sizga yordam beradilar. Bunda shartnomani imzolashdan avval barcha qoidalarni diqqat bilan o‘qib chiqishni unutmang. Kvartira egasining soliqlar, kommunal xizmatlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi yo‘qligi haqidagi axborotni tegishli xizmatlarning ma'lumotnomalari bilan tasdiqlash kerak emas. Notarius barcha axborotni «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi yordamida oladi. Qarzdorlik mavjudligi aniqlansa, uni elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lash mumkin. To‘lovlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar tezkorlik bilan «Notarius» tizimida aks ettiriladi va shartnomani rasmiylashtirish jarayonini to‘xtatib turmaydi.

Shuningdek, qarzdorlik mavjudligini tekshirish maqsadida YaIDXPda shaxsiy kabinet orqali elektron ariza berish mumkin. Qarzdorlik, taqiq va xatlash mavjudligi aniqlansa, tegishli bildirishnoma olasiz.

Qarzdorlik bo‘lmasa, arizaga noyob raqam beriladi. Ariza beruvchi shu vaqtdan boshlab 24 soat ichida bitimni notarial tasdiqlashni amalga oshirishni talab qilish huquqiga ega. Shu bilan birga, noyob raqam berilgan paytdan boshlab 10 kalendar kun ichida notarius qabuliga yozilish mumkin. Agar ko‘rsatilgan muddat o‘tkazib yuborilsa, elektron arizani qayta to‘ldirish kerak bo‘ladi.

Raqam berilgandan keyin ariza beruvchiga bitimni notarial tasdiqlash mumkinligi, davlat boji miqdori, shuningdek zarur hujjatlar haqida xabar beriladi. Notarius huzuriga ketayotganda hujjatlar bilan birga noyob raqamni olishni unutmang.

Bitim notarial tasdiqlangandan keyin ko‘chmas mulkning kadastr raqami to‘g‘risidagi ma'lumot va sotib oluvchi haqidagi quyidagi ma'lumotlar «Notarius» ATT orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tegishli tuman (shahar) yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi filialiga yuboriladi:

• jismoniy shaxsning shaxsiy indentifikatsiya raqami;
• soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
• doimiy propiska manzili;
• telefon raqami (mavjud bo‘lsa);
• elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa);
• notarial harakat amalga oshirilgan kun va uning qayd etilgan raqami.

Oldi-sotdi shartnomasi tuman (shahar) yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan bir oy ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.

Rieltor qanday yordam bera oladi?

Rieltorga yordam so‘rab murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz, «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, o‘zaro hamkorlikni shartnoma tuzishdan boshlashingiz zarur.

Rieltor talablarga muvofiq uy-joy tanlashda yordam beradi. Aniqlangan qarzdorlik bilan bog‘liq masalalarni hal etishda ham rieltor yordami kerak bo‘lishi mumkin.

Riyeltorlar xaridorlarga sotib olinayotgan uy-joyning qarzdorligi mavjudligini mustaqil ravishda tekshirishni tavsiya etadilar. Buni «Notarius» tizimi yangi ekanligi sababli uning ishida hisobga olinmagan jihatlar bo‘lishi mumkinligi bilan izohlaydilar, namunaviy shartnomaga ko‘ra esa kvartira sotib olingandan keyin aniqlangan qarzdorlikni so‘ndirish majburiyati xaridor zimmasiga yuklanadi. Bunda rieltorlar qarzdorlik mavjud emasligini tekshirish bilan bog‘liq barcha ishlarni bajarishga tayyorliklarini bildiradilar. 

Mavzuga oid