Nega odamlar yolg‘iz vafot etadi?
Uyda kimsasiz vafot etish Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropaning ayrim davlatlarida uchrab turadi. Shaharlashuv baland hududlarda yolg‘izlik va demografik o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu aholining qarishi, oilaviy aloqalarning zaiflashishidan kelib chiqadi.
Shuningdek, ijtimoiy izolyatsiya, ya’ni odamlar yakkalanib yashashi, qo‘shnilar va qarindoshlar bilan aloqa sustligi, uy-joy bozoridagi sharoitlar, ijtimoiy tizimning yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani yolg‘iz o‘limlarga sabab bo‘ladi.
“Kodokushi” pandemiyasi
Yolg‘iz o‘lim eng ko‘p uchraydigan davlat Yaponiya. Davlatda “Kodokushi”, ya’ni “yolg‘iz o‘lim” keng tarqalgan va jiddiy ijtimoiy muammoga aylangan. Buning asosiy sabablari yoshi katta aholining ko‘pligida. Yaponiya dunyoda eng keksa davlatlardan biri. Aholining 30 foizdan ortig‘i 65 yoshdan katta. Ilgari keksalar farzandlari yoki qarindoshlari bilan yashagan bo‘lsa, hozir yoshlar mustaqil hayot kechirishni afzal ko‘rishmoqda.
Masalan, 2008 yilda Osakada bir erkak jasadi kvartirada 6 oy qolib ketgan. 2017 yilda esa Tokioda bir ayolning jasadi kvartirada 5 yil davomida topilmay qolgan. To‘lovlar avtomatik tarzda bankdan o‘tib turgan, shuning uchun o‘limdan kech xabar topishgan.
Janubiy Koreya – “Godoksa” muammosi
Koreyada bu holat “Godoksa” deb ataladi va u oxirgi yillarda juda jiddiy muammoga aylangan. Bunga sabab yolg‘iz yashovchi aholi ko‘payishida. 2021 yilda Seuldagi uy xo‘jaliklarining 40 foizi yolg‘iz yashovchilardan iborat bo‘lgan.
Koreyada ham oilaviy aloqalar susaygan. Ilgari koreys oilalarida katta avlodni hurmat qilish va ularga qarash muhim sanalgan. Hozir bu an’ana sustlashgan. Bundan tashqari, kuchli ish bosimi va depressiya keng tarqalgan. 2013 yilda Seulda bir ayol kvartirasida 6 oy davomida topilmagan. Qo‘shnilar yomon hid kelayotgani sabab politsiyaga xabar bergan.
Yevropa davlatlari
Amerika va Yevropada ham yolg‘iz vafot etish holatlari uchraydi. Masalan, 2014 yilda Angliyada bir kishining jasadi o‘z kvartirasida 2 yil davomida qolib ketgan. Ijara to‘lovlari avtomatik qabul qilingani sabab buni hech kim sezmagan.







