00:37 / 15.02.2018
18792

Prezident bog‘chalarda ta'mirlash ishlari oxirigacha yetkazilmayotganini tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha  ko‘rilayotgan  chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident rasmiy sayti xabar bermoqda.

Yig‘ilishda joylardagi maktabgacha ta'lim muassasalarining ahvoli, sohadagi ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu tizimni chuqur tahlil qilib, shu paytgacha nazardan chetda bo‘lgan eng kichik jihatlarigacha e'tibor qaratdi. 

Dastlab bu masalada Andijon, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga e'tibor qaratildi. Masalan, Andijon viloyatidagi 87 ta mahallada bironta ham bolalar bog‘chasi yo‘qligi, 84 ta bog‘cha filialini mustaqil muassasaga aylantirish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarini tashkil etish bo‘yicha tuman hokimliklari tomonidan aniq choralar belgilanmagani tanqid qilindi.

Viloyatda mavjud 451 ta maktabgacha ta'lim muassasasidan 200 tasida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun maxsus ombor yo‘q, sovutkich, shkaf va stol-stullar yetishmaydi. Shuningdek, hanuzgacha 123 ta bog‘chaga ichimlik suvi tashib keltiriladi, 71 tasining atrofi o‘ralmagan, 134 tasida musiqa xonalari jihozlanmagan, 420 tasida kichik kutubxonalar tashkil etilmagan.

Shunday kamchiliklar Namangan, Samarqand, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida ham kuzatilgan.

Yig‘ilishda joriy yilda davlat maktabgacha ta'lim muassasalari qurish, ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatni tasdiqlash, bolalar bog‘chalarining moddiy-texnik holatini o‘rganib, mebel, oshxona jihozlari, o‘yin maydonchalari va sport inventarlariga bo‘lgan talabni aniqlash hamda yaqin 2 yilda mamlakatimizdagi barcha bog‘chalarni jihozlash bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash zarurligi ta'kidlandi.

Yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bog‘chalarning loyiha-smeta hujjatlarini sifatsiz tayyorlash, qurilish va ta'mirlash ishlarini oxiriga yetkazmaslik, ba'zilarini ta'mirlamasdan qoldirib ketish holatlari ko‘p uchrayotgani tanqid ostiga olindi.

Masalan, o‘tgan yili Xorazm viloyati Urganch shahridagi 14-bog‘chada qurilish-ta'mirlash ishlari sifatsiz bajarilgan, muhandislik tarmoqlariga to‘liq ulanmagan, jihozlar to‘liq yetkazib berilmagan. Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi 3-, Nishon tumanidagi 20-, Koson tumanidagi 32-bog‘chada ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmagan. Buxoro shahridagi 3-, Buxoro tumanidagi 19-, Romitan tumanidagi 11-, Qorako‘l tumanidagi 7-bog‘chalarda pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan, jihozlarning 50 foizi yetkazib berilmagan. Ko‘plab loyihalarda nazarda tutilmagani sababli bog‘chalar hududini obodonlashtirish, atrofini o‘rash, tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlari bajarilmay qolmoqda.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun hokimliklar, Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga tegishli topshiriqlar berildi. Maktabgacha ta'lim muassasalarining loyiha-smeta hujjatlarida yordamchi binolarni ham ta'mirlash va jihozlashni nazarda tutish, ularni aholi uchun qulay va muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i mavjud hududlarga joylashtirish zarurligi qayd etildi. Namunaviy loyihalarni qayta ko‘rib chiqib, yangi quriladigan bog‘chalar uchun sarflanadigan xarajatlarni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Top