Jahon | 10:39 / 18.02.2018
12701
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qirg‘izistonlik deputat qo‘lga olindi

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston tomonini maxsus amaliyot vaqtida ushbu davlat fuqarosi, parlamentariy Asilbek Damirbek o‘g‘li qo‘lga olingani haqida ma'lum qilgan. Bu haqda Qozog‘iston TIV matbuot xizmatiga asoslangan holda RIA Novosti agentligi xabar tarqatmoqda.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ma'lumotlariga ko‘ra, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy byuro Olmaota, Jambil, Janubiy Qozog‘iston viloyatlari va Olmaota shahrida maxsus amaliyotlar o‘tkazgan. Mazkur amaliyotlar davomida 29 kishi qo‘lga olingan, ulardan ikki nafari Qirg‘iziston fuqarolaridir.

Bundan avvalroq Qirg‘iziston nashrlari qo‘shni davlat hududida Jokorku Kenesh deputati Asilbek Damirbek o‘g‘li ham borligi haqida xabarlar tarqatgandi.

Qirg‘izistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ham ushbu ma'lumotni tasdiqlagan.

Qirg‘iziston tomoni Qozog‘iston huquq-tartibot organlari bilan ushbu masalada hamkorlik qilishga rozilik bergan.

Mavzuga oid