Fan-texnika | 20:10 / 27.02.2018
7707
3 daqiqa o‘qiladi

Dubayda Yaqin Sharq shaharlarini bog‘lovchi Hyperloop liniyasi loyihasi taqdim qilindi

Foto: Virgin Hyperloop One

Virgin Hyperloop One kompaniyasi BAAda Yaqin Sharq bo‘ylab shaharlarni bog‘lovchi vakuum transport liniyasi loyihasini taqdim qildi. Loyihaning bosh sensatsiyasi Dubay va Abu-Dabi o‘rtasidagi 12 daqiqalik marshrut bo‘lib, u Dubay amirligining transport boshqarmasi bilan birgalikda loyihalangan.

Dubay va Abu-Dabidagi yo‘nalish 2016 yil noyabrda ilk bor taqdim qilingan, o‘tgan yil kompaniya Yaqin Sharq bo‘ylab shaharlarni, jumladan Kuvayt, Jidda va Maskatni bog‘lovchi keng tarmoqni loyihaladi. Orasidagi masofa 140 kmni tashkil qiluvchi Abu-Dabi va Dubay o‘rtasidagi safar ayni vaqtda mashinada 1,5 soat vaqt oladi. Hyperloop One ma'lumotlariga ko‘ra, bu yo‘nalish bo‘yicha kuniga 4 mingta avtomobil harakatlanadi. Agar Hyperloop joriy qilinsa, ish vaqti yo‘qotishlari qisqarishidan ko‘riladigan foyda 800 mln dollarni tashkil qiladi.

“Jiddadan Ar-Riyodga va Abu-Dabidan Dubaygacha cho‘ziladigan Hyperloop tarmog‘i mintaqadagi iqtisodiy rivojlanish va o‘sishga katta ta'sir ko‘rsatadi”, deb aytgan Virgin Hyperloop One bosh direktori Rob Lloyd.

Lloyd BAAdagi innovatsiyalar haftaligida Hyperloop yo‘lovchi kapsulasining to‘liq o‘lchamli modelini namoyish qilish uchun Dubayga tashrif buyurgan. Bu model Nevadada 387 km/soat tezlikda sinovdan o‘tkazilgan prototipdan farqlanadi: yangi kapsula ichidan jamoat transportidan ko‘ra, Emirates aviakompaniyasi samolyotining biznes-sinfiga o‘xshaydi.  

Prototipning suratlarida shinam kabina, sensor ekranlar va oyoqlar uchun qo‘shimcha joyga ega o‘rindiqlarni ko‘rish mumkin.

Virgin Hyperloop One egasi Richard Brenson Hindistonda 5-7 yildan keyin Hyperloop liniyasini qurishga va'da bergandi. Vakuum poyezdlar liniyasi Puna va Mumbayni bog‘laydi. Ilk sinov liniyasi 2-3 yildan keyin quriladi, to‘laqonli Hyperloop tarmog‘i esa 2023-2025 yillardan ishlay boshlaydi.

Mavzuga oid