Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida sport turlari uchun Olimpiya bazalari barpo etiladi
Bugun, 28 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston sport federatsiya va assotsiatsiyalar vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ham ishtirok etishdi.
«Ushbu yig‘ilishni tashkil qilishdan maqsad - sport federatsiyalari bilan hamkorlikda yillik taqvim rejasini qayta ko‘rib chiqishimiz lozim. Bundan buyog‘iga taqvim rejaga alohida e'tibor qaratiladi. Qaysi sport turi yil davomida nechta xalqaro musobaqa va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi? Qolaversa, turli yosh toifalarida nechta mahalliy musobaqalar tashkil etiladi? Taqvim rejasini tasdiqlashimizdan oldin shu kabi savollarga aniq va ravshan javoblarni bilib olishimiz lozim. Yana bir muhim jihati, sport turlari orasida mablag‘larni taqsimlashda shaffoflikni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Davlat tomonidan sportga juda katta mablag‘lar kiritilmoqda. Bu xalqning puli, uni behuda sarflab yuborishga hech kimning haqqi yo‘q. Shunday ekan, sarflanadigan har bir so‘m hisobda bo‘ladi», – degan Umid Ahmadjonov.
«Yaqin orada muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolanadigan qarorga ko‘ra, bir qator viloyatlarda, jumladan tog‘li hududlarda sport turlari uchun Olimpiya bazalari barpo etiladi. Dzyudo, boks, sport kurashlari, karate, taekvondo, qilichbozlik kabi sportning yakkakurash turlarida jamoaviy musobaqalarni yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Har bir viloyatning o‘z terma jamoasi bo‘lsin. Ular o‘rtasida muntazam ravishda musobaqalar tashkil etish orqali biz mamlakatimizda sportning ommaviyligini oshira olamiz. Ommaviylikni oshirmay turib, katta sportda biror-bir natijaga erishib bo‘lmasligini bu yerda o‘tirgan mutaxassislar juda yaxshi bilishadi», deya o‘z so‘zini davom ettirgan MOQ rahbari.
Ma'lum qilinishicha, endi O‘zbekistondagi Olimpiya zaxiralari kollejlari terma jamoalar bazalariga aylantiriladi. Ularning har birida Olimpiya markazlari tashkil etiladi va ushbu markazlarda sportchilar 24 yoshgacha sport bilan shug‘ullanish bilan birgalikda, terma jamoa murabbiylarininig doimiy nazoratida bo‘lishadi. Olimpiya markazlari milliy terma jamoalar uchun munosib nomzodlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Milliy olimpiya qo‘mitasi esa Olimpiya zaxiralari kollejlarida barcha kerakli sharoitlarni yaratib beradi. Ularning aksariyati kapital ta'mirdan chiqariladi.
O‘z navbatida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov federatsiyalar uchun lozim bo‘lgan barcha sport anjomlari imkon darajasida olib berilishi, o‘quv-mashg‘ulotlar bazalari ta'mirdan chiqarilishini ma'lum qildi.
«Zarur bo‘lgan texnik jihozlar, kerakli inventarlar bilan ta'minlaymiz. Birinchi navbatda Olimpiya zaxiralari sport kollejiga olib beramiz. Chunki ular terma jamoalarimiz asosi hisoblanadi», degan Shoakram Isroilov.
Shuningdek, yig‘ilish davomida MOQ Prezidenti bundan buyon Jismoniy tarbiya institutiga, Olimpiya zaxiralari kollejlariga qabul jarayonlarida federatsiyadagi mutaxassislarning roli katta bo‘lishini ta'kidlab, kimda qanday taklif yoki muammolar bo‘lsa qabul qilishga tayyor ekanligini aytdi.
Yig‘ilish davomida federatsiyalar vakillari bilan shart-sharoitlar, oldinda turgan maqsad va vazifalar hamda shtat jadvallari borasida muhokama bo‘lib o‘tdi.
Mavzuga oid
21:32 / 06.02.2023
Turkiyadagi o‘zbekistonlik sportchilar holati bo‘yicha ma’lumot berildi
21:35 / 06.05.2022
O‘zbek sportining 30 yillik tarixidagi eng yaxshilar taqdirlandi
09:26 / 20.07.2021
Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan O‘zbekiston delegatsiyasi Tokioga yo‘l oldi
15:23 / 19.07.2021