Sport | 18:20 / 01.03.2018
10873
2 daqiqa o‘qiladi

«Bunyodkor» futbolchilariga o‘tgan mavsum uchun qarzlarini hali to‘lamagan

Bugun, 1 mart kuni «Bunyodkor» FK ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda klub bosh direktori Murodjon Aliyev va bosh murabbiy Mirjalol Qosimov jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi, uchrashuv yakunida esa «qaldirg‘ochlar»ning yangi futbolchilarini tanishtirish marosimi o‘tkazildi.

Klub rahbariyati vakillari «Bunyodkor»da moliyaviy muammolar mavjudligini tan olishdi.

«Qiyinchilik hamma joyda bo‘ladi. «Bunyodkor» jamoasidayam bor. Homiylarimizda, «Uztransgaz»da muammolar paydo bo‘lgani uchun futbolchilarning oylik maoshlarini bergan bo‘lsakda, mukofot pullarini to‘lay olmadik. O‘ylaymanki, tez kunda barchasi ijobiy hal bo‘ladi.

Lekin hozirgi kunda murabbiylarning ham, futbolchilarning ham kayfiyati yaxshi. Yigitlarimiz mavsumga tayyor. O‘tgan mavsumdagi qiyinchiliklarga qaramay o‘ynagan futbolchilarimiz bu yil ham o‘ynab berishadi. Mavsumga 150-200 foizga tayyormiz. Hech narsa bizning yaxshi o‘ynashimizga to‘sqinlik qila olmaydi», deya Murod Aliyevning so‘zlarini keltirdi «Tribuna» muxbiri.

Uning fikrlarini jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ham tasdiqladi.

«Muammolar borligiga qaramasdan, yaxshi kayfiyatda o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Mavsumda asosan o‘zimizning akademiyadan chiqqan bolalardan foydalanamiz. Katta transferlarga imkoniyatlarimiz yo‘q, yaxshi futbolchilar uchun yaxshi mablag‘ kerak bo‘ladi, ichki chempionatdan bir necha futbolchi olganmiz», deya murabbiyning so‘zlarini keltiradi «Tribuna» muxbiri.

Mavzuga oid