O‘zbekiston | 19:30 / 02.03.2018
22285
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Olisda joylashgan bu hududlar aholisi ham yaxshi yashashga haqli

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Tomdi tumanidagi 12-bolalar musiqa va san'at maktabida Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar bilan tanishdi.

Prezidentga dastlab Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari haqida ma'lumot berildi. Viloyatning ushbu chekka tumanlari va Zarafshon shahrida sanoat, xalq iste'moli mollari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida amalga oshiriladigan loyihalar aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi. 

Xususan, Uchquduq tumani junni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. Shuningdek, «Uchquduq tekstil» MChJ tomonidan joriy yilda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 320 kishi ish bilan ta'minlanadi. 

«Qizilqum marvaridi» korxonasi tomonidan gidroponika usulida issiqxona barpo etiladi. 

Zarafshon shahrida yiliga 4,5 ming tonna armatura, 10 million kvadrat metr oyna, 250 million dona shisha idish ishlab chiqarish, qariyb 2 ming boshga mo‘ljallangan qoramolchilik kompleksi, sig‘imi 500 va 200 tonna bo‘lgan muzlatkichli omborxonalar barpo etish, aholi bilan birgalikda 100 ming boshdan ziyod parranda boqish, baliqchilik xo‘jaligi, issiqxonalar tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi. 

Tomdi, Konimex tumanlarida ham shu kabi istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Natijada ikki yil ichida 4 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Konimex tumanida katta yo‘l bo‘yida tashkil etilgan tuyachilik majmuasiga o‘tgan yili 61 davlatdan 3 ming sayyoh kelgan. Bu yerdagi sharoitlar talabga javob bermas edi. Tarmoqning samaradorligini e'tiborga olib, bu yerda ming bosh tuya va 500 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi barpo etish rejalashtirilyapti. Umumiy qiymati 15,7 milliard so‘m bo‘lgan ushbu zamonaviy chorvachilik majmuasi uchun xorijdan naslli echkilar sotib olinadi. Bu yerda yiliga ming tonna tuya, 300 tonna echki suti qayta ishlanadi. Bu joy nafaqat tuya va echkichilik majmuasi, balki yiliga 10 ming sayyohni qabul qiladigan zamonaviy ekoturizm markaziga aylanadi.

Shu o‘rinda tuya sutining shifobaxsh xususiyati haqida to‘xtalish joiz. Uning tarkibida A, V1, V2, S, va D vitaminlari sigir sutiga qaraganda 3 barobar ko‘p. Kaltsiy, kaliy, magniy, temir, mis, marganets, rux, fosfor kabi mikroelementlarga boy. Bundan tashqari, tuya sutida elastin, lanolin, laktoferrin kabi foydali moddalar mavjud. U qandli diabet, kamqonlik, gepatit, nafas va oshqozon-ichak yo‘llari, buyrak, yurak, asab kasalliklariga davo bo‘lib, immun tizimini mustahkamlaydi. 

Bu yerga kelgan sayyohlar ana shu shifobaxsh sutdan tatib ko‘rish, cho‘l bo‘ylab tuya va kvadratsikllarda sayr qilishi mumkin bo‘ladi. 

Davlat rahbari mutasaddilarga majmuani Mustaqillik bayramigacha qurib bitkazish va sayyohlarga zarur sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi. 

Tomdi tumanidagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli 4 ming bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi ham shunday istiqbolli loyihalardan bo‘lib, viloyatda qorako‘lchilikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. 

Ijtimoiy loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Xususan, Tomdi tumanida «Shodlik» mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bolalar shaharchasi quriladi. Maydoni 4,3 gektar bo‘lgan shaharchada bolalar uchun barcha qulaylik yaratiladi. Qurilish ishlari mart oyida boshlanib, yil oxirigacha yakunlanadi. 

Zarafshon shahrida favvoralar xiyoboni barpo etish, Uchquduq tumanidagi «Konchi» sanatoriysini ta'mirlash va jihozlash loyihalari shaharlar obodligi va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Prezident Zarafshon va Uchquduq shaharlaridagi ko‘p qavatli uy-joy fondini ta'mirlash ishlari bilan tanishdi. 

«Olisda joylashgan bu shaharlar aholisi yaxshi yashashga haqli. O‘tgan yili 150 uy ta'mirlab berilgan edi, 2018-2019 yillarda qolgan 723 turar-joyning tomidan yerto‘lasigacha mukammal ta'mirdan chiqariladi», – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirgan O‘zA

Ayni paytda 2026 yilgacha qimmatbaho metallar qazib olishni ko‘paytirish, «Auminzo-Amantoy» konini o‘zlashtirish, Muruntov konini o‘zlashtirishning 5-bosqichi, Tomdi tumanidagi 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatlarini kengaytirish kabi loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi. 

Davlat rahbari barcha loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev shu yerda Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahri jamoatchiligi vakillari, oqsoqollar, yoshlar, tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Suhbatda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, yon qo‘shnilarimiz bilan do‘stona aloqalar faollashayotgani, odamlarni ish bilan ta'minlash, eng chekka Tomdi tumanida suv manbalarini topish hisobiga aholi farovonligini oshirish, yoshlar ta'lim-tarbiyasi kabi masalalar haqida so‘z yuritildi. 

Mavzuga oid