19:36 / 03.03.2018
41451

Messining uyi ustidan samolyotlar parvozi taqiqlangan - bu qanchalik to‘g‘ri?

Barselona shahrining xalqaro aeroporti - El-Pratni kengaytirish ishlari Lionel Messi tufayli to‘xtab qolgan.

Kataloniya poytaxtida faoliyati yuritadigan Vueling Airlines kompaniyasi rahbari Xaver Sanches-Priyeto aynan shunday deb hisoblamoqda.

«Yangi terminalni qurishga ruxsat berilmadi, chunki Messining uyi ustidan uchib o‘tish mumkin emas ekan. Bunaqasini dunyoning hech bir joyida ko‘rmaysiz» - deb norozi bo‘lgan edi Sanches-Priyeto.

Taqiqning asosiy sababi sifatida - Gava va Kasteldefels hududining ekologik ahvoli yomonlashishi ko‘rsatilgan. Aynan shu yerda Messi o‘z oilasi bilan istiqomat qiladi.

Argentinalikning uyidan (Bellamar rayoni) aeroportgacha 10 km, Barselona markazigacha 20 km. 1992 yilda Kasteldefels olimpiadaning eshkak eshish musobaqalarini qabul qilgan edi. Bu kanal hozir ham mavjud.

Kasteldefels Barselonaning nufuzli hududi hisoblanadi. Bu yerda ko‘plab sport va san'at yulduzlari, tadbirkorlar, Messining do‘stlari, xususan Luis Suares, Andre Gomesh va Filippe Koutino istiqomat qiladilar. Hududdagi uylarning narxi o‘rtacha 5 mln yevrodan boshlanadi.

Messi 6 yil burun, O‘rtayer dengizi qirg‘og‘idagi yashil tepaliklardan villa sotib olgan edi. Keyinchalik, uyi atrofidagi hududlarni ham qo‘shib olishga muvaffaq bo‘ldi. «Barsa» yarimhimoyachisi Ivan Rakitich gapiga ko‘ra, Messi oilasi bilan tinch, shovqin-suronsiz yashashni yoqtiradi. Shu tufayli, uyi atrofidagi ikkita katta yer maydoni bilan qo‘shnisining uyini ham sotib olgan. Ularni ta'mirlashga kamida 2 mln yevro safrlangan.

Kasteldefelsda Leo egalik qiladigan mulkning umumiy yer maydoni 10 gektarga yaqindir: hududda ikkita bolalar maydonchasi, basseyn, mashg‘ulotlar zali va albatta futbol maydoni bor. 

Shaharcha ustidan parvoz qilish haqiqatdan ham taqiqlangan, ammo Messi tufayli emas. 

Bir necha hafta oldin, Ispaniya hukumati «El-Prat» aeroportining yangi terminalini 2022 yilgacha barpo qilish haqida qaror qabul qildi. Bu yo‘lovchilar oqimini yiliga 47 milliondan 70 milliongacha oshirish imkoniyatini berishi kerak.

Aeroportning hozirgi konfiguratsiyasi sayyohlar oqimini boshqarishda qiyinchilik tug‘dirmoqda, Kataloniya byudjyeti esa bundan zarar ko‘ryapti. Yangi loyiha bo‘yicha, qo‘shimcha qo‘nish yo‘laklarini ham barpo etish ko‘zda tutilgan. Chunki hozirgi yo‘laklar dengiz qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, samolyotlar asosan dengiz tomondan qo‘nishga majbur bo‘lyapti. Bu o‘ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Gava va Kasteldefels ustidan parvoz qilishni taqiqlash haqidagi qaror Messining oilasi bu yerga ko‘chib o‘tishidan ancha oldin qabul qilingan va Sanches-Priyeto buni aniq biladi.

Hamma gap shovqin va ifloslanish me'yorlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq. Aviakompaniya reyslari aynan shu talablar asosida tuzib chiqiladi. Mahalliy aholi uchun bu juda yoqimsiz muammo. Masalan, dengiz tomondan kuchli shamol esgan holatlarda, mashhur odamlarga samolyotlarning shovqiniga chidash oson bo‘lmaydi.

Top