KUN.UZ saytida 2018 yilning 25 fevral kuni ““Sho‘rtanneftegaz” gaz kondensatini kimlar talon-toroj qilmoqda?” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda “Sho‘rtanneftegaz” MChJ “Tezkor” guruhining sobiq boshliqlaridan biri Normurod Qaysarov murojaati asosida o‘rganishlar olib borilgan edi. Maqolada, shuningdek o‘rganishlar davom etishi hamda ularning natijasi taqdim etilishi qayd etilgandi.

Shu munosabat bilan KUN.UZ muxbiri Qashqadaryoga xizmat safarini amalga oshirib, “Sho‘rtanneftegaz” MChJning ma'muriyatida bo‘ldi hamda dastlabki maqolada e'lon qilingan fikrlar va raqamlarning qanchalik to‘g‘riligiga oydinlik kiritish maqsadida MChJ rahbariyati ixtiyoridagi hujjatlar bilan bevosita tanishdi. Quyida birinchi maqolada qayd etilgan jihatlarga, tegishli xujjatlar asosida quyidagicha izohlar beriladi.

“Sho‘rtanneftegaz” MChJ “Tezkor” guruhining sobiq boshliqlaridan biri Normurod Qaysarov murojaat qilib, 2018 yil 9 yanvarda N.Qaysarov va hamkasblari M.Eshmirzayev, E.Nazarov va F.Sharopovlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 5343-s/18 sonli murojaat qilganidan keyin, MChJ rahbariyati tomonidan ularga nisbatan tazyiqlar o‘tkaza boshlanganini, ularning murojaatlari sababli, Chigil sexining 29-kilometridan suyuqlik chiqishi va mahsulot quvurlarida noma'lum shaxslar tomonidan o‘rnatib ketilgan 30 ga yaqin vintellar bartaraf etilganini va ularning bu ma'lumoti bo‘yicha ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilganini to‘g‘risida KUN.UZ saytiga ma'lumot taqdim etishgan.

Aslida, 2018 yil 9 yanvar kuni tezkor tarmoq guruh boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga Rejim va qo‘riqlash bo‘yicha 1-bo‘lim boshlig‘ining olib borayotgan faoliyatidan norozi bo‘lib, murojaat qilishgan, lekin ularning shikoyat arizalarida Chigil hududidagi mahsulot quvurining 29-kilometrida chiqib turgan suyuqlik va mahsulot quvurlarida noma'lum shaxslar tomonidan o‘rnatib ketilgan vintellarni bartaraf qilish buyicha chora ko‘rish to‘g‘risida umuman ma'lumot qayd etilmagan. Suyuqlik chiqishini bartaraf qilinishi Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan shaxslar tomonidan emas, balki jamiyat rahbariyati va mas'ul xodimlarlarning tashabbusi bilan amalga oshirilib, kamchiliklar bartaraf etilganligi aniqlandi.

Murojaatchilarning 2018 yil 9 yanvar kuni Prezident virtual qabulxonasiga yozgan murojaatida Rejim va qo‘riqlash bo‘yicha 1-bo‘lim boshlig‘ining olib borayotgan faoliyatidan norozi bo‘lganliklari yozilganligi sababli, ushbu murojaatda ko‘rsatib o‘tilgan bir qancha ma'lumotlarga oydinlik kiritish va xolisona baxo berish yuzasidan jamiyatda Xizmat tekshiruvi tayinlandi. Xizmat tekshiruvi joriy yilning 26 yanvariga qadar olib borilgan. Xizmat tekshiruvida N.Qaysarov va uning hamkasblari tomonidan keltirilgan ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagach, jamoada muhitni buzilishiga olib keluvchi omillarni yaratganliklari, ish vaqtida xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlar bilan shug‘ullanganligi va murojaatda keltirilgan ma'lumotlar rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lganligi sababli ularga nisbatan intizomiy chora ko‘rilganligi aniqlandi.