O‘zbekiston | 17:03 / 13.03.2018
17484
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish yo‘riqnomasiga o‘zgartirish kiritildi

Foto: Huffington Post

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining qarori bilan Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 2-bandiga o‘zgartirish kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi Qonunining 6-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512-son «Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2014 yil 4 iyuldagi 01-02/12-13-son qarori (ro‘yxat raqami 2606, 2014 yil 5 avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 32-son, 411-modda) bilan tasdiqlangan Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«2. Deklaratsiya:

jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me'yorlaridan oshadigan tovarlarga;

jismoniy shaxsning yashash joyi o‘zgarganda (avvalgi yashash joyidan hisobdan chiqarilganligi to‘g‘risida qayd mavjud bo‘lgan holda) uning shaxsiy mol-mulki bo‘lgan tovarlarga, bundan avtotransport vositalari mustasno;

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 158 va 160-moddalarida ko‘rsatilgan hollarda, jismoniy shaxslarning notijorat maqsadlardagi transport vositalariga;

qonun hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan naqd ko‘rinishdagi O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasi va valyuta boyliklariga;

jismoniy shaxslar tomonidan respublika hududidan tovarlarni olib chiqishning cheklangan me'yoridan oshadigan tovarlarga;

qonun hujjatlariga muvofiq tegishli taqiqlar va (yoki) cheklovlar belgilangan tovarlarga to‘ldiriladi.».

2. Mazkur qaror Davlat statistika qo‘mitasi bilan kelishilgan.

3. Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid