02:56 / 16.03.2018
15840

Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining birinchi maslahatlashuv uchrashuvida so‘zlagan nutqida quyidagi asosiy vazifalarni hal etish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab olishni taklif etdi:

1. Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi zaxira va amaliy mexanizmlarni izlash;

2. Savdo-iqtisodiy, innovatsiya, investitsiya, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik bo‘yicha aniq dasturlar – “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish;

3. Eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha keng fikr almashish, ular bo‘yicha umumiy pozitsiyani kelishib olish hamda uni keyin BMT, MDH, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surish.

"O‘tgan yil noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida o‘tgan xalqaro konferensiya shuni ko‘rsatdiki, tizimli muloqot, barcha tomonlarning manfaatlarini inobatga olish va oqilona murosa asosida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ushbu konferensiya yakunida biz birgalikda BMT Bosh Assambleyasiga maxsus rezolyutsiya qabul qilish  bo‘yicha murojaat qildik. Ana shu hujjatning qabul qilinishi Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash borasida birgalikdagi sa'y-harakatlarimizning xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga erishish imkonini beradi", - deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shu o‘rinda davlat rahbari O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan ochiq, o‘zaro manfaatli va yaqin hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanini yana bir bor qayd etdi. Bu mamlakat tashqi siyosatidagi eng asosiy ustuvor yo‘nalish ekani ta'kidlandi.

Mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlar borasida O‘zbekistonning nuqtai nazari xususida so‘z yuritildi.

Birinchidan. Mintaqadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish.

Quyidagilar ushbu vazifani amalga oshirishning eng muhim asoslaridir:

- mamlakatlarimiz o‘rtasidagi erkin savdo tartibining to‘laqonli faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

- chegara oldi hududlardagi savdoni, ishlab chiqarish kooperatsiyasini jadal rivojlantirish, shuningdek, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish.

"Bu tom ma'noda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan yirik mintaqaviy bozorni shakllantirish imkonini beradi.

Qo‘shma dasturlar ishlab chiqish uchun joriy yilda Toshkentda birinchi Mintaqaviy iqtisodiy forum o‘tkazishni taklif etamiz. Bu mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va yetakchi xorijiy investorlar o‘rtasida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun bevosita muloqot o‘rnatish imkonini yaratadi", - dedi prezident.

Ikkinchidan. Markaziy Osiyo mintaqasining tranzit-logistika salohiyatini tubdan oshirish – sa'y-harakatlarimizni birlashtirishni taqozo etadigan g‘oyat muhim strategik yo‘nalishdir.

Markaziy Osiyoni yirik dengiz portlari va jahon bozorlari bilan bog‘lash imkonini beradigan transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish biz uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lishi lozimligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan quyidagilarni taklif etildi:

- Xalqaro tansport va tranzit yo‘lagi to‘g‘risidagi Ashxobod bitimi doirasida birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi transmintaqaviy yo‘nalishidan samarali foydalanish;

-  Janubiy Osiyoga chiqadigan Transafg‘on yo‘lagini shakllantirish, shuningdek,  Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil va temir yo‘l magistrallarini qurishga kirishish;

- Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida rossiyalik sheriklar tomonidan taklif etilgan ShHT yo‘llarini rivojlantirish dasturini kelishishni tezlashtirish va qabul qilish.

Shu bilan birga, bojxona va ma'muriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish va unifikatsiya qilish, yuklarni tashish va ularning tranziti bo‘yicha ikki tomonlama imtiyozli tariflarni shakllantirish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlarni qabul qilish bugungi kundagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.

"Ana shu umummintaqaviy vazifalarni amalga oshirish maqsadida biz joriy yilning oktabr oyida Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport koridorlari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Ushbu anjumanda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlaridan vakillar faol ishtirok etishiga ishonamiz", - dedi Mirziyoyev.

Uchinchidan. Markaziy Osiyo xalqlarining farovonligi va butun mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti azal-azaldan suv resurslari bilan qanchalik ta'minlangani bilan bog‘liq bo‘lgan. Faqat birgalikda harakat qilib, ushbu muhim masalaning haqiqiy yechimini topishimiz mumkin.

Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha mamlakatlarimiz va jahon hamjamiyatining birgalikdagi sa'y-harakatlari samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifadir.

To‘rtinchidan. Samarali mintaqaviy hamkorlikning asosiy shartlaridan biri – madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.

Mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro anglashuv va barqarorlik muhitini mustahkamlashda bu sohaning o‘rni va roli beqiyosdir.

Quyidagi sohalarda hamkorlik qilish doimo e'tiborimiz markazida bo‘lishi lozim:

- ta'lim va ilm-fan sohasida, jumladan, oliy ta'lim muassasalarimiz o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish;

- mintaqada ichki turizmni rivojlantirish va hamkorlikda ishlab chiqariladigan sayyohlik mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish;

- mamlakatlarimiz aholisining ko‘p qismini yoshlar tashkil etishini inobatga olib, yoshlar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish.

Shu o‘rinda mintaqamiz mamlakatlari delegatsiyalari joriy yil iyun oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo yoshlari forumiga taklif etildi.

Bundan tashqari, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning qator muhim masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Birinchidan. Davlat chegaralarini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur. Chegaralarimiz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ko‘prigiga aylanishiga astoydil ishonaman.

Ikkinchidan. Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelmoqda. Ushbu xatarlarga qarshi faqat sa'y-harakatlarni birlashtirish orqaligina samarali kurashish mumkin.

Shu munosabat bilan huquqni muhofaza qilish idoralari va maxsus xizmatlar yo‘nalishida amaliy hamkorlikni va o‘z vaqtida axborot almashishni davom ettirish juda muhim va dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan. Ekstremizm mafkurasiga qarshi kurashish, shu maqsadda aholi, avvalo yoshlarga islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini yetkazish eng muhim vazifadir. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Islom akademiyasini tashkil etdik.

To‘rtinchidan. Markaziy Osiyoning barqaror va izchil taraqqiyotini ta'minlash qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan uzviy bog‘liq. Bu muammoni hal etishda tinch muzokaralar o‘tkazishdan boshqa muqobil yo‘l yo‘q ekanini e'tiborga olib, O‘zbekiston va Afg‘oniston joriy yilning 26-27 mart kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazish to‘g‘risida tashabbus bilan chiqdi. Biz ana shu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlaridan minnatdormiz, bu umumiy manfaatlarimiz uchun juda muhim ahamiyatga ega.

Beshinchidan. Birinchi navbatda chegaraoldi hududlarda favqulodda holatlar, texnogen va ekologik falokatlar, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning vujudga kelishiga qarshi o‘z vaqtida harakat qilish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini yaratish zarur", - deya ta'kidladi O‘zbekiston prezidenti.

Top