Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarida kuzatilayotgan kuchli jazirama inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu munosabat bilan tashkilot mamlakatlarni issiqlik to‘lqinlariga qarshi tayyorgarlikni kuchaytirish, aholini o‘z vaqtida ogohlantirish hamda ayniqsa, keksa yoshdagilar, bolalar va surunkali kasalliklari bor fuqarolarni himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqirdi.
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 9 iyul kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida havo harorati 43 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Jumladan:
-
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida — 38–43 daraja;
-
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida — 37–42 daraja;
-
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysida — 35–40 daraja;
-
Toshkent shahrida esa — 37–39 daraja issiq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Sinoptiklar ayrim hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkinligini ham ma’lum qildi. Tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir, momaqaldiroq bo‘lishi, shuningdek, 8–13 iyul kunlari sel kelishi xavfi saqlanib qolishi kutilmoqda.
Mutaxassislar aholiga kunning eng issiq soatlarida imkoni boricha ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik, ko‘proq suv iste’mol qilish va quyosh nuridan himoyalanishni tavsiya etmoqda.











