O‘zbekiston | 01:14 / 16.03.2018
24576
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo birdamligi dunyo muammolarini hal etishda yordam berishi haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Qozog‘istonning ko‘p yillik samarali hamkorligi tarixida birinchi marta bo‘lib o‘tayotgan Qozog‘istonda O‘zbekiston yilining ochilishi ikki xalq  o‘rtasidagi haqiqiy qardoshlik munosabatlarining yorqin ifodasidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda O‘zbekiston yilining ochilish marosimida shunday bayonot qildi.

"Yaratganning o‘zi bizga qo‘shni bo‘lishdek bebaho ne'matni ato etgan. Bizning donishmand ota-bobolarimiz “Hovli olma, qo‘shni ol”, deb bejiz aytishmagan. Biz azal-azaldan bir zaminda, bir quyosh ostida yashab kelmoqdamiz, bizning ildizlarimiz bir. Xalqlarimizning Abu Rayhon Beruniy va Abu Nasr Forobiy, Xo‘ja Ahmad Yassaviy va Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy va Abay Qo‘nonboyev, Oybek va Muxtor Avezov, G‘afur G‘ulom va Sobit Muqonov kabi ulug‘ namoyandalari va boshqa ko‘plab atoqli olimlar, mutafakkir va shoirlar merosi bizning umumiy boyligimizdir. Biz insonparvarlik va ezgulik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bu ma'naviy merosni asrab-avaylashimiz va boyitishimiz lozim.

Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, keyingi paytda siyosiy irodamiz va o‘zaro intilishlarimiz tufayli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha haqiqatan ham ulkan natijalarga erishdik", - dedi O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida.

Davlatlar o‘rtasidagi yaqin aloqalar, odamlarning o‘zaro ochiq muloqoti va do‘stligi, madaniy aloqalarning faollashgani ezgu maqsad – xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

"Bugun Ostona shahrida uzoq yillar mobaynida birinchi marta Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvini o‘tkazdik. Bularning barchasi, hech shubhasiz, nafaqat Qozog‘istonning ulkan salohiyatiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan hamkorlik borasidagi keng imkoniyatlarga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratishga xizmat qildi.

Biz uchun Qozog‘iston zamonlar va hayot sinovidan o‘tgan, ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan yaqin qo‘shnimizdir", - ta'kidladi Sh.Mirziyoyev. Shu o‘rinda buyuk qozoq adibi Abayning quyidagi so‘zlari yodga olindi:

Ey inson, or-nomus dildoshing bo‘lsin,
Bobolar hikmati qo‘ldoshing bo‘lsin.
Mol-dunyo, shon-shuhrat – barchasi bekor,
Jondosh, sodiq do‘st, yo‘ldoshing bo‘lsin.

"Ishonchim komil, bu hikmatli so‘zlar nafaqat bugungi tantanali marosim, balki mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning shioriga aylanadi. Shu munosabat bilan kuni kecha qozoq xalqining buyuk farzandi, shoiri va mutafakkiri, gumanisti Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib etish to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining qarori qabul qilinganini ma'lum qilmoqchiman. Bu ulug‘ zotning bezavol o‘gitlari bugun ham o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Qarlig‘ashbiy sifatida ham mashhur bo‘lgan buyuk To‘labiyning maqbarasi Toshkentda joylashgani, ushbu maskan o‘zbeklar uchun ham, qozoq do‘stlarimiz uchun ham muqaddas ziyoratgoh ekanidan biz faxrlanamiz. O‘ylaymanki, tobora mustahkamlanib borayotgan samimiy munosabatlarimizdan buyuk ajdodlarimizning ruhlari shod bo‘ladi", - dedi O‘zbekiston davlat rahbari. 

Darhaqiqat, xalqlarimiz bir-biriga hamisha tayanch va suyanch bo‘lib kelgan. Shu o‘rinda Markaziy Osiyo mamlakatlarining birdamligi bugungi dunyo muammolarini hal qilishda yordam berishi qayd etildi. 

"Tariximiz mushtarakligi va o‘zaro yaqinligimiz hozirgi dunyoning murakkab muammolarini birgalikda hal etish, biz uchun umumiy tahdidlarga qarshi samarali kurashish, yangi avlodlar uchun kelajakni birgalikda qurishda yordam bermoqda. Biz – qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, tojiklar va o‘zbeklar, go‘zal Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar vakillari birgalikda tinch-totuv, do‘st-inoq bo‘lib yashashimiz taqdirning o‘zi tomonidan belgilab berilgandir. Shuning uchun ham biz umumiy uyimizni, farzandlarimizni turli nizo va qarama-qarshiliklardan himoya qilish, mintaqamizda tinchlik va farovonlik hukm surishini ta'minlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston tomonga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, ikki qardosh xalq vakillarini go‘zal bahor bayrami – Navro‘zi olam bilan chin qalbdan muborakbod etdi.

Mavzuga oid