Ziyoratgohdagi qurilish ishlariga shaxsiy avtoulov egalarini majburan jalb etish holati kuzatilmoqda
Hashar - yaxshi udum. Hasharga inson o‘z ixtiyori bilan mehnat qilib, ko‘mak berish uchun chiqishadi.
Ayni paytda Andijon viloyati, Jalaquduq tumanidagi Qilichmozor mahalla fuqarolar yig‘inida ham xayrli tadbirga qo‘l urilgan. Mahalla hududida Qutayba ibn Muslim dafn etilgan ziyoratgoh mavjud. Tarixiy ma'lumotlarga ko‘ra, Qutayba ibn Muslim (660-715) yirik Islom fotihlaridan biri, harbiy sarkarda va tajribali lashkarboshi bo‘lgan.
Bundan bir oy muqaddam ushbu maskanni obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun sharoitlar yaratish borasida ishlar boshlandi. Ma'lumotlarga ko‘ra, bu savobli ishlarning boshlanishiga davlat hisobidan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘libdi. Hozirda tuman mutasaddilari ishlarni namunali tashkil etish bo‘yicha harakat boshlashgan.
Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi butunlay qayta qurilib, yangi yul ochilayotgani juda quvonchli hol, albatta. Lekin, masalaning boshqa bir tomoni ajablanarli.
Kun.uz tahririyatiga Jalaquduq tumanidan aynan mana ziyoratgoh qurilishi bilan bog‘liq murojaat kelib tushdi. Unda ko‘cha qurilishi ishlari boshlanganidan buyon tuman hududida YPX xodimlari har kuni ertalabdan yo‘l bo‘ylarida turib, ko‘chada harakatlanayotgan har qanday yuk mashinasini ziyoratgohga majburan bir marta shag‘al olib kelib berishga majburlayotgani aytilgan.
Majburiy hasharga yuborilayotgan yuk mashinasiga bajarilgan ish uchun pul to‘lamasliklari aniq, lekin yoqilg‘ini ham o‘z hisobidan quyayotgan haydovchiga jabr bo‘layotganiga hech kim e'tibor bermayapti.
Agar yuk mashinasi egasi «ixtiyoriy hashar»da ishlab berishga ko‘nmasa, YPX xodimlari darrov uning hujjatidan yoki mashinaning texnik holatidan ayb izlab, qo‘rqitayotganini qanday izohlash mumkin? Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 1 litr dizel yoqilgisi 5500 so‘m turadi, 20 litri 110 000 so‘m degani.
Xalqimizda «Hashar elga yarashar» degan naql bor. Biroq hashar degani bir yoki ikki kun bo‘ladi. Boshlanganiga bir oy bo‘lgan hasharning hali-beri tugashi dargumon. YPX xizmatchilari hech bo‘lmasa yoqilg‘i quyib bersa ham mayli edi, haydovchilar «O‘zimizning yurtimiz uchun bo‘lyaptiku?» deyishsa... Xoh ishoning, xoh ishonmang, yuk mashinasi haydovchilari shu yo‘lga yurishdan yurak oldirib bo‘lishgan.
Hozir nafaqat Jalaquduq, balki qo‘shni Qo‘rg‘ontepa va Buloqboshi tumanlaridagi yuk mashinasi haydab tirikchilik o‘tkazadigan ayrim haydovchilar, hashar tugashini kutib, uydan chiqmayotgan ekan.
Haydovchilarga kimdandir tili qisiq bo‘lib qolmasligi uchun barcha texnik ko‘ruvni sifatli qilib o‘tkazib, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishni, YPX xodimlariga esa o‘z vazifalarini unutmay – yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash xizmati bilan shug‘ullanishni so‘rab qolamiz.