O‘zbekiston | 13:03 / 17.03.2018
12899
6 daqiqa o‘qiladi

«Shiddatli islohotlar». «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» kichik qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2018 yilning 15-16 mart kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi” Kichik qo‘mitasining adliya, ichki ishlar va aloqador masalalar bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi hamda Inson huquqlari bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakat delegatsiyasiga O‘zbekiston  Respublikasi adliya vaziri R.Davletov, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili P.Burian boshchilik qildi. 

Yig‘ilish davomida kun tartibidan o‘rin olgan keng ko‘lamli masalalar yuzasidan konstruktiv, ochiq  hamda atroflicha fikr almashildi. 

Yevropa tomoni 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha  Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat  hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar  demokratik jarayonlarini yuqori baholadi.

Foto: Adliya vazirligi 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yevropaliklar tomonidan “shiddatli” deya baholandi. Zero, mazkur tub o‘zgarishlar zamirida inson manfaatlari yotgani, barcha sohalardagi dolzarb masalalar aholi bilan ochiq, maqbul yechim izlash yo‘li bilan muhokama qilinishi ta'kidlandi. 

Munozaralar davomida terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi, shu jumladan, “BOMKA” dasturi doirasidagi hamkorlik, noqonuniy giyohvand moddalar aylanishiga qarshi kurash, qonuniy va noqonuniy migratsiyani va boshqa sohalardagi istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Yevropa tomoni Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni  delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlarini nihoyasiga yetkazish, chegaradosh mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini sezilarli ravishda yaxshilash borasidagi O‘zbekistonning samarali faoliyatini ijobiy baholadi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim mamlakat ekanligi va respublikaning mintaqaviy siyosati butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ustuvor ahamiyat kasb etishi   ta'kidlanib, Yevropa Ittifoqi Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Afg‘oniston – tinch kelajak sari” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaning dolzarbligini qayd etdi. 

Korrupsiya Yevropa Ittifoqi va unga a'zo davlatlarda, shuningdek, xususiy sektor hamda davlat boshqaruvi sohasidagi eng katta muammolardan biri ekanligi e'tirof etilar ekan, Yevropa tomoni ushbu ijtimoiy illatga qarshi kurashda keskin choralar ko‘rish bo‘yicha davlatimiz rahbariyatining kuchli siyosiy irodasi borligini ta'kidladi. 

Foto: Adliya vazirligi 

Yevropa delegatsiyasi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilgan misli ko‘rilmagan chora-tadbirlarni, jumladan, 2700 nafar mahbusni afv qilish to‘g‘risidagi Prezident Farmonini, O‘zbekiston fuqaroligiga 1 ming 148 nafar kishini qabul qilish, valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqida sud hokimiyatining roli va mustaqilligini oshirish, Prezidentning sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlashga doir Farmoni qabul qilingani, jinoyat ishlariga doir sud ishini yuritish sohasidagi islohotlar, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazoratini ta'minlashga qaratilgan masalalar katta qiziqish uyg‘otdi. 

Yevropa delegatsiyasi tomonidan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning amaliy ifodasi hisoblangan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilgan Xalq qabulxonalarining o‘ziga xos yangi demokratik institut ekanligi qayd etildi. Davlat organlari tomonidan fuqarolar, jumladan chekka hududlarda istiqomat qiluvchi  aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar ta'kidlab o‘tildi.

YeI aholining turmush sifati, sarmoya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuksak baholab, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, Adliya vazirligi   huzurida sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish mas'uliyati yuklatilgan Davlat xizmatlari agentligining tashkil etilganini muhim, deya qayd etib o‘tdi.

Foto: Adliya vazirligi 

YeI axborot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, O‘zbekistonning fikr yuritish va uni ifodalash, assotsiatsiyalar va yig‘ilishlar o‘tkazish huquqi erkinligi tarafdori ekani, OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarning ochiqligini ta'minlashdagi ijobiy o‘zgarishlarni, fuqarolarning OAVga nisbatan ishonchi ortganini yuqori baholadi. 

Yevropa tomoni O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan yuksak darajadagi   hamkorligini alohida ta'kidladi.  Xususan, 2017 yilda BMT Bosh kotibi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e'tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi, YeXHT, XNT “Hyuman Rayts Votch” va boshqalarning tashrifi bundan dalolatdir. 

Mazkur huquq himoyasi yo‘nalishidagi ishlar davom ettirilayotgani qayd etilar ekan, 2018 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash yuzasidan fuqarolik jamiyati institutlarining keng ishtirokida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan boshqa tadbirlarning o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani buning yaqqol isbotidir. 
  
Yig‘ilish konstruktiv va ochiqlik  muhitida o‘tib, keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha fikrlar almashildi, hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mavzuga oid