20:50 / 22.03.2018
15723

Fotojamlanma: Toshkent viloyatida Navro‘z tantanalari

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

21 mart kuni Olmaliq shahrida Toshkent viloyat ahli ham Navro‘z bayramini keng tantanalar bilan nishonladilar.

Xalq sayli sifatida nishonlangan ushbu bayram Olmaliqning “Oltin olma” xiyoboni, “Yoshlar” bog‘i, “Bolajon” istirohat bog‘i hamda mazkur hududlarga tutash markaziy ko‘chalar va to‘yxonalarda keng nishonlandi.

100 nafar karnaychi va surnaychilar viloyatning jami 22ta shahar, tumanlaridan tashrif buyurgan mehmonlarni bayramona kuy-sadolar ostida kutib oldi. “Oltin olma” xiyobonida viloyatning har bir shahar, tumanlari o‘zlariga ajratilgan pavilonlarda milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi an'analarni namoyish etib, kuy-qo‘shiqlar ijro etishdi. Milliy taomlardan – sumalak, halim, ko‘k somsa, chuchvara, lochira, qatlama-yu chak-chak, holva hamda tandirdan uzilgan issiq nonlar xalqqa ulashildi. Katta doshqozonda 5 tonna 500 kg damlangan bayram oshiga 1 tonna 600 kg go‘sht, 1 tonna 500 kg guruch, 1 tonna 500 kg sabzi va yog‘, piyoz hamda zirovorlar solindi. Bayram oshi tadbirga tashrif qilganlar va viloyatdagi muassasalarga, jami 48 000 odamga tarqatildi. Bayram ishtirokchilarining o‘z pavilonlariga ulashish uchun 10ta maxsus kichik hajmli avtotransport vositalari (muravey) xalq xizmatida bo‘ldi.

Bir tomonda dorbozlar, bir tomonda varraklar sayli, yana bir tomonda esa polvonlar bellashuvi hamda boshqa turli milliy sport musobaqalari ishqibozlar bilan gavjum bo‘ldi. Qoshiga o‘sma qo‘yayotgan qizlar, kashta tikayotgan kelinchaklar, ko‘rpa qaviyotgan momolar, gilam to‘qiyotgan hunarmand, quroq bichayotgan ayollarning qo‘l ishlari ko‘rgan ko‘zni quvnatib, dilga o‘zgacha tuyg‘ular baxsh etdi.

Ko‘zaga gul chizayotgan rassom, taxtaga naqsh o‘yayotgan naqqosh, haykallarini sayqallayotgan haykaltarosh, oddiy temirdan ish qurollari yaratayotgan temirchi, tuyalar-u otlar bilan tillashayotgan chorvador, xalqning dasturxonini butlayotgan dehqon qo‘lida ungan noz-ne'matlar, oshpazning mahorati ila san'at asariga aylangan taomlar, asalchining mehnatlari mahsuli, parrandachilikning turli namunalari aks etgan jonzotlar... Bularning barchasi shu kungi viloyat saylida odamlar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi. Laparlar-u, o‘lanlar aytayotgan momolar, askiya, aytishuv aytishayotgan askiyachilar, qo‘g‘irchoq teatri namoyish etayotgan san'atkorlar, jo‘shib qo‘shiq aytayotgan xonandalar, kitoblari bilan barchani o‘ziga oshno etayotgan ziyolilar... Xullas, ushbu bayram chinakamiga xalqimizning barcha yoshdagi, har qanday kasb egalarini birlashtira olgan, ularning qalbida eng go‘zal va olijanob tuyg‘ularini o‘zida namoyon eta olgan betakror ayyom bo‘ldi.

“Bolajon” istirohat bog‘ida Yoshlar ittifoqi Olmaliq shahar kengashi hamda Maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari hamkorligida tayyorlangan bir-biridan qiziqarli tomoshalar, xalq o‘yinlari, bellashuv va musobaqalar bolalarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashdi. “Yoshlar” bog‘ida kitobxonlik, she'rxonlik, rassomchilik, o‘ymakorlik, kashtachilik bo‘yicha bo‘lib o‘tgan chiqishlar ham tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Bayramda shuningdek, Hindistondan tashrif buyurgan hind xonandasi tomonidan kuylangan qo‘shiqlar barchani o‘ziga maftun etdi.

Ayyom juda ko‘plab so‘z bilan ta'riflab bo‘lmaydigan ko‘rgazmalarga, lahzalarga boy bo‘ldi. Odamlarning ko‘zida aks etayotgan quvonch va shodlikdan shuni ilg‘ash mumkinki, xalq saylini odamlar juda sog‘ingan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni shu kungi xalq sayliga kelayotgan odamlar oqimining ko‘pligidan ham ilg‘ash mushkul emas.

Top