20:10 / 26.03.2018
8766

Bishkekda ichki ishlar xodimi pokistonliklarga hujum qilishda gumon qilinmoqda

Foto: Sputnik / Tabyldy Kadyrbekov

Bishkekda Pokiston fuqarolariga hujum qilish va yirik qiymatdagi mablag‘ni talab qilish gumoni bilan 2 kishi ushlandi.

Bishkek ichki ishlar boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, 25 mart soat 23.50da navbatchi bo‘limga xorijliklarga hujum qilingani haqida xabar tushgan. 

Militsiyaning aniqlashicha, o‘sha kun soat 19.30da ikki noma'lum shaxs 3 nafar pokistonlikning yotoqxonadagi xonasiga bostirib kirgan. Jinoyatchilar pokistonliklarni do‘pposlab, ularning qo‘llariga kishan taqib, kuch ishlatish tahdidi bilan ulardan uyali telefonlar va pullarni olib qo‘yib, o‘zlarini mashinaga o‘tkazishgan. Shundan keyin jinoyatchilar jabrlanuvchilardan 2 ming dollar talab qila boshlashgan.

Jinoyatchilar talab qilinayotgan pulni topib kelish uchun pokistonliklardan birini qo‘yib yuborishgan. Pokistonlik pul topa olmagach, militsiyaga xabar bergan.

Bosqinchilik qilish gumoni bilan 28 yoshli va 23 yoshli erkaklar ushlangan. Ulardan birinchisi Qirg‘izistonning Chuy viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor javob berish maxsus otryadi xodimi bo‘lib chiqqan.

Qo‘lga olinganlar ko‘zdan kechirilganda ularning yonidan jabrlanuvchilarga tegishli telefonlar va kishanlar kaliti topilgan.

Ushbu jinoyat bo‘yicha Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining “Bosqinchilik” va “Tovlamachilik” moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ayni vaqtda gumonlanuvchilar Bishkekdagi vaqtinchalik saqlash izolyatorida ushlab turilibdilar. Shuningdek, qo‘lga olingan maxsus otryad xodimining bevosita rahbarlariga nisbatan ham tergov olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top