O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga ko‘ra Prezident huzuridagi loyihaviy boshqaruv milliy agentligi tomonidan tayyorlangan Soliq tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha konsepsiya rejasi e'lon qilindi. Ushbu hujjatni mustaqil iqtisodchi, Center for Economic Development direktori Yuliy Yusupov gazeta.uz saytida sharhlab berdi.

«Agar loyihada taklif qilingan choralar amalga oshirilsa, qo‘rqmasdan aytishim mumkinki, O‘zbekiston soliq tizimi jahonda biznes yuritish uchun eng qulaylaridan biriga aylanadi, iqtisodiyotimizda esa haqiqiy inqilob ro‘y beradi, — deb yozadi Yuliy Yusupov. — Inqilobki, mamlakatdagi biznes-muhitni tubdan yaxshilaydigan inqilob bo‘ladi. Taklif qilinayotgan o‘zgarishlarning mohiyati nimalardan iborat?

1. Soliq tizimining tubdan soddalashtirilishi: soliqlar soni, soliq rejimlarining qisqarishi, soliq to‘lovchilarning turli toifasi uchun soliq to‘lash qoidalarining yagonalashtirilishi, soliqlarni hisoblash usullarining soddalashtirilishi, individual soliq imtiyozlaridan keskin voz kechish.

Bu nima uchun kerak?

O‘zbekistondagi soliq tizimi ishlaydigan qoidalar juda murakkab, bir biriga zid va jahon amaliyotiga to‘g‘ri kelmaydi.

Birinchidan, soliqqa tortish rejimlari turli-tuman va juda ko‘p: kichik va yirik biznes uchun, savdo uchun, qishloq xo‘jaligi uchun, moliya muassasalari uchun, xususiy tadbirkorlar uchun va h.k.

Ikkinchidan, bir xil turdagi soliqlarni soliq to‘lovchilarning turli toifalari uchun hisoblash tartibi turli-tuman va yana ko‘plab boshqa soliqlar bor.

Uchinchidan, soliqqa tortish bazasini aniqlashda jahon amaliyotidan farqli jihatlar juda ko‘p (bizda boshqa mamlakatlarda soliqqa tortilmaydigan narsalar ham soliqqa tortiladi), ayniqsa, foydadan to‘lanadigan soliq va QQS bo‘yicha.

To‘rtinchidan, soliq to‘lashda juda ko‘p istisnolar, qo‘shimcha qoidalar bor, jumladan, individual (ma'lum bir korxonalar) uchun. Bularning barisi soliq tizimini esdan og‘ar darajada murakkablashtiradi, shaffofligiga putur yetkazadi va soliq ma'muriyatchiligi xarajatlarini oshiradi.