Stiven Soderberg — kinosanoatdagi bir vaqtning o‘zida barcha filmlarning yarmini o‘zi oluvchi kam sonli kishilardan  biri. 29 mart  kuni uning yangi "Samoda" nomli innovatsion kartinasi Rossiya prokatiga chiqadi. Ayfon qurilmasiga olingan mazkur film premerasi Berlin kinofestivalida bo‘lib o‘tgan. Biroq uning butun dunyo bo‘ylab premerasidan oldin yana bir filmni suratga olishga ulgurdi - bunisi ham ayfonga olingan kartina.

Bundan tashqari, u parallel ravishda biryo‘la bir necha ssenariy tayyorlamoqda - Panama arxivlari haqidagi kartinalar shular jumlasidandir, u shuningdek "Oushenning 11 do‘sti" remeykiga prodyuserlik qiladi, "Super Mayk" myuzikli ustida ishlamoqda va hatto tasviriy san'at bilan shug‘ullanishga ham vaqt topishning uddasidan chiqmoqda. TASS muxbiri Soderberg bilan Berlinda uchrashib, u bilan kinematograf kelajagi, uning yangi loyihalari va kinoteatrlar taqdiri haqida suhbatlashdi. Quyida ushbu suhbatdan parcha keltiriladi.

— Nima deb o‘ylaysiz, kelgusida hozirgi shakldagi  kinoteatrlar kerak bo‘larmikan?

— O‘ylashimcha, ha. Baribir bu qiziq tajriba deb hisoblayman. Hammasi yaxshi ketsa, odamlar zavq oladi. Men nafaqat filmning o‘zi, balki kinoteatrdagi sharoitlarni ham nazarda tutyapman. Menda ko‘pincha shunday holatlar bo‘ladiki, kinoga borib, uyga qaytayotganimda o‘zimcha o‘ylayman: "Mana nima uchun odamlar tobora ko‘proq filmlarni uyda tomosha qilishni ma'qul ko‘rishmoqda". Ba'zan proyeksiya yomon bo‘lishi, uncha toza bo‘lmasligi, joy kam bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, odamlar ham qo‘pollashib ketmoqda: ular kino ko‘rayotganda telefonlarini o‘chirishmaydi, xuddi o‘z uylarida o‘tirgandek gaplashib o‘tirishadi. Bu - muammo. Uni qanday hal qilish kerakligini bilmayman.

— "Panama hujjatlari" bo‘yicha ishlayotgan filmingizga to‘xtalib o‘tsangiz.

— "Panama hujjatlari" — bu kuzda kirishishni rejalashtirayotgan ishim, bu ancha keng ko‘lamli loyiha. Panama arxivlari bo‘yicha ilk tergovlar yo‘lga qo‘yilganidayoq shu mavzuga qiziqib qolgandim. Bu shaxsan meni eng ko‘p qiziqtiruvchi mavzu. Umuman olganda, biz Skott (ssenariynavis Skott Z.Byorns) bilan doimo aloqadamiz. U menga "Siz ham shunga qiziqib qoldingizmi?", dedi.